Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari soni 160 mingdan oshdi

Olam

image

Ukrainaga qarshi olib borilayotgan keng ko‘lamli urushda Rossiya armiyasining tasdiqlangan yo‘qotishlari 160 ming kishidan oshdi. Bu haqda “Mediazona” xabar berdi.

Bugun, 16 yanvar holatiga ko‘ra, “Mediazona” ochiq manbalari asosida bosqin boshlanganidan buyon halok bo‘lgan 163 606 nafar rossiyalik harbiyning ismini aniqlagan. Biroq bu ro‘yxat to‘liq emas, chunki halok bo‘lgan harbiylarning barchasi haqidagi ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘lavermaydi. 

Xalqaro tashkilotlar va razvedka tuzilmalarining Rossiyaning umumiy yo‘qotishlari (o‘ldirilganlar va yaralanganlar) bo‘yicha baholari ancha yuqori. 2025 yil dekabrida NATOdagi yuqori lavozimli mansabdor shaxs Rossiya armiyasidagi o‘ldirilgan va yaralanganlar soni 1,15 million kishiga yaqinlashishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyida Rossiyaning o‘rtacha sutkalik yo‘qotishlari taxminan 1100 kishini tashkil etgan.

Joriy yil 13 yanvar kuni NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya Ukrainada oyiga 20-25 ming nafar harbiyni yo‘qotayotganini, ya’ni o‘ldirilayotganini ma’lum qilgan. U bu ko‘rsatkich 10 yil davom etgan Afg‘oniston urushida halok bo‘lgan qariyb 20 ming nafar sovet askarining umumiy sonidan ham oshib ketishini qayd etgan. Ryuttening so‘zlaridan kelib chiqib, faqat 2025 yilning o‘zida Rossiyaning o‘ldirilgan harbiylari soni 300 ming kishigacha yetgan bo‘lishi mumkin.

2025 yil iyun oyida Britaniya razvedkasi Rossiyaning umumiy yo‘qotishlarini taxminan bir million kishi deb baholagan. O‘tgan yil avgust oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp 2025 yil boshidan buyon Rossiya 112 mingdan ortiq askarini yo‘qotganini aytgan. “The Economist” jurnali dekabr oyidagi tahlilida urush davomida Rossiyaning jami yo‘qotishlari 900 mingdan 1,35 million kishigacha yetgan, bu esa urushgacha bo‘lgan erkak aholining qariyb 1 foiziga teng degan xulosaga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiya urushdan oldingi erkak aholisining 1 foizini janglar tufayli yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina yo'qotish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing