Sahroda qolib ketgan 49 kishi chanqoqdan halok bo‘ldi
Olam
−
05 iyun 19316 2 daqiqa
Niger shimolidagi Sahroi Kabir cho‘lida yuk mashinasi buzilib qolishi oqibatida kamida 49 kishi chanqoqdan vafot etdi. Faqat ikki kishi omon qolib, piyoda yurib Assamaka hududiga yetib borgan va rasmiylarga xabar bergan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar Malida o‘tkazilgan diniy bayramda ishtirok etib qaytayotgan bo‘lgan. Ular yuk mashinasida Niger va Jazoir chegarasiga yaqin hudud orqali harakatlanayotgan paytda transport vositasi nosozlikka uchragan va yo‘lda qolib ketgan.
Rasmiylarning bildirishicha, yo‘lovchilar bir necha kun davomida 80 kilometrdan ortiq uzoqlikdagi Assamaka chegara punktiga yetib bora olmay, ekstremal issiqlik va suv tanqisligi sharoitida qolib ketgan. Haydovchi va yo‘lovchilar mashinani tuzatishga bir necha bor uringan, biroq bu harakatlar samara bermagan.
Keyinchalik qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, yurmay qolgan yuk mashinasi ostida va uning atrofida ko‘plab jasadlarni topgan. Halok bo‘lganlar mahalliy hokimiyat tomonidan yuborilgan qutqaruv guruhi tomonidan ommaviy qabrlarga dafn etilgan.
Qutqaruv operatsiyasi davomida hududdan qaytayotgan guruh yana bir buzilgan yuk mashinasiga duch kelgan. Unda 60 dan ortiq odam bo‘lib, ular akkumulyator ishdan chiqqanligi sababli uch kun davomida cho‘lda qolib ketgan.
Niger hukumati vakillari ushbu fojia Sahroi Kabir orqali o‘tadigan migratsiya yo‘llaridagi xavf-xatar va yoshlarning og‘ir sharoitda tirikchilik izlab xavfli safarlarga chiqishga majbur bo‘layotganini yana bir bor ko‘rsatishini ta’kidlagan.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun