Samarqand, Surxondaryo va Xorazmda og‘ufurushlar ushlandi

3-sahifa

image

Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatida yashovchi shaxslar jami 11 kilogrammdan ortiq narkotik moddalari bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi shaxs belgilangan tartibni buzib, aylanma yo‘llar orqali Tojikistondan 8 kilogramm 860 gramm “opiy” moddasini kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekiston hududiga olib o‘tgan vaqtida, “o‘zbek-tojik” davlat chegarasini qo‘riqlayotgan DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, giyohvandlik vositasini tashlab, noma’lum tomonga qochgan. Ammo, ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida og‘ufurush qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, Urgut tumanida yashovchi shaxs uning jinoiy sherigi ekani aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan. 

Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa, Denov tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshirilganda, uning yonida 31 gramm “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng, u og‘uni Denov tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan sotib olgani aniqlanib, mazkur narkosavdogarning yashash xonadonidan ham 1 kilogramm 483 gramm “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda, Gurlan tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxs 877 gramm “gashish” moddasini xaridorga 14 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan O‘zbekistonga aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida xonadonida umumiy qiymati 412 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlagan, shuningdek, Toshkent shahrida mashinasida 967 gramm bo‘lgan “gashish” olib ketayotgan fuqaro ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Samarqand gashish opiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing