Samarqandda axlat chelagiga tashlab ketilgan chaqaloqning onasi topildi
3-sahifa
−
10 yanvar 45568 2 daqiqa
Avvalroq, Samarqand viloyatining Payariq tumanida ayol tug‘uruqxonada chaqalog‘ini dunyoga keltirib, axlat chelagiga tashlab ketgani haqida xabar berilgandi. Ushbu chaqaloqning onasi topildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan xabar berdi.
Boshqarmaga ko‘ra, holat o‘tgan yilning 27 dekabr kuni Payariq tumanidagi tug‘uruqxonada sodir bo‘lgan. Chaqaloq topilgach, uning nafas olmayotgani va o‘lik holda ekani aniqlangan, lekin u onasi tomonidan o‘ldirilganmi yoki yo‘q, bu hozircha noma’lum.
IIBga ko‘ra, ayni paytda holat bo‘yicha ekspertiza tayinlangan va natijalar e’lon qilingach, bolaning tirik tug‘ilgani yoki ona qornida nobud bo‘lib keyin tug‘ilgani ma’lum bo‘ladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, topilgan chaqaloq o‘z vaqtida tug‘ilgan, to‘qqiz oylik, o‘g‘il bola bo‘lgan.
“Natijalar e’lon qilinmagani uchun ayni damda ayol protsessual tartibda qo‘lga olinmagan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qo‘lga olish masalasi ham ushbu ekspertiza xulosasidan keyin amalga oshiriladi”, dedi viloyat IIB axborot xizmati vakili.
QALAMPIR.UZ holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan ham bog‘landi. SSV vakili bu voqea bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim eta olmasligi, prokuratura ish bo‘yicha o‘rganish olib borayotgani va bunda shifokorlarning hech qanday aybi yo‘qligini aytdi.
Zamon.uz xabariga ko‘ra, 4 oy oldin turmushga chiqqan kelin 27 dekabr kuni tug‘uruqxonaga qaynonasi bilan birga borgani, u ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilgani, shu bilan birga to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan qat’iyan bosh tortgan. Bemorning harakatlari shifokorni xavotirga solib, uni ultratovush tekshiruviga yuborgan, biroq ayol bu tekshiruvdan ham bosh tortgan.
Shundan so‘ng, bemor hamshira hamrohligida muolaja xonasiga yuborilgan. Ayol u yerda o‘zini yolg‘iz qoldirishlarini so‘ragan. Biroz vaqt o‘tgach, xodimlar axlat chelagida yangi tug‘ilgan chaqaloq jasadini topgan.
Bemorning shaxsi videokuzatuv kameralari yordamida zudlik bilan aniqlangan. Dastlab u bunga aloqadorligini rad etgan, biroq keyingi tibbiy tekshiruvlar tug‘ruq faktini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi hududida joylashgan 12-sonli ishlab chiqarish sexining yer maydoniga taxminan 3-6 oylik bo‘lgan homila ko‘mib ketilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi