Oling quda… Jamoatchilik muhokamasisiz qabul qilingan qaror yoxud Hukumat Agalarovlarni Chorvoq bilan siyladi
Tahlil
−
05 avgust 15782 9 daqiqa
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va uning maslahatchisi Rasul Kusherbayev ekologik xulosa olish uchun qurilish loyihasi taqdim etilmagani va vazirlik xulosasisiz ish boshlanmasligini aytib kelayotgan bir paytda so‘nggi vaqtlarda ko‘pchilik, ayniqsa poytaxtliklarning xavotiriga sabab bo‘layotgan “Sea Breeze Uzbekistan” qurilishi to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi. Endi na Ekologiya va na Qurilish vazirligi xulosalarining ahamiyati yoki ta’siri bor.
Qisqa qilib aytganda, Ozarbayjon Prezidentining sobiq kuyovi Emin Agalarovning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chorvoq” suv ombori sohilini egallashi kutilayotgan turistik loyihasi “Sea Breeze Uzbekistan” jamoatchilik, ekofaollar, ommaviy axborot vositalari tomonidan qarshiliklarga qaramay, quriladi.
Shaxsan Vazirlar Mahkamasining ushbu loyiha qurilishi yuzasidan alohida qaror qabul qilishi “Agalarov Development”ning nechog‘lik jiddiy investor ekanidan darak emasmi, sizningcha?
Qarorda ta’kidlanishicha, bir tomonida ozarbayjonlik “Agalarov Development” MCHJ turgan “Sea Breeze Uzbekistan” qo‘shma korxonasi takliflari eng yaxshisi sifatida tanlab olingan. Boshqa yana qaysi kompaniya qanday loyihalar taklifi bilan chiqqani jamoatchilikka ayon emas. Qizig‘i shundaki, qo‘shma korxonaning ikkinchi tomonida kim yoki qanday tashkilot turgani bayon qilinmagan.
Hukumat qarorida belgilanishicha, qiymati 5 milliard dollarni tashkil etadigan “Sea Breeze Uzbekistan” uchun 577 gektar yer maydoni ajratiladi. E’tibor bering, gap Toshkent viloyatining eng bahavo, so‘lim va uncha-muncha odam bir sotix ham yer ola olmaydigan hududidan beriladigan naqd 577 gektar maydon haqida ketmoqda. Ko‘zlangan yerlarning amaldagi egalari, foydalanuvchi va ijarachilarining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari belgilangan tartibda bekor qilinadi va bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olinadi. Sodda qilib aytganda, majburiy snos qilinadi. Shundan so‘ng, tuman hokimligi tasarrufiga o‘tkazilib, keyin esa “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga 25 yilga ijaraga beriladi. Bunda yer egalari, foydalanuvchi va ijarachilarga yetkazilgan zararlar viloyat mahalliy byudjetiga “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJ tomonidan ajratiladigan 5 million dollar hamda boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. Shu joyida eski mahallalarni snos bilan buzdirish orqali qurilgan va shahar ichida yopiq shaharga aylangan “Tashkent city” yodingizga tushmadimi? Hozirda oddiy aholi u yerda faqat aylanib, rasmga tushib ketishi mumkin, xolos. Yashash, narsalar xarid qilish va ovqatlanish esa ma’lum toifa daromad egalarigagina xos.
Yana gaplashayotganimiz qarorga qaytsak. Unda belgilanishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” ijara muddati tugaganidan so‘ng yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha ustuvor huquqqa ega bo‘ladi. Bu 2050 yilgacha “Chorvoq” bo‘yida tijorat qilgan biznesmenning agar xohlasa yana ishini davom ettirishini, hududdan foydalanmoqchi bo‘lgan boshqa har kimdan ham eng haqdor bo‘lishini anglatadi. Diqqat qiling, bu ustuvorlik loyihaga qilinayotgan hukumatning yagona yaxshiligi emas! Gap qarorda belgilangan ijara to‘lovi hamda unga berilayotgan imtiyoz haqida ketmoqda.
Baholovchi tashkilot ushbu 577 gektar yer maydonining 25 yillik ijara to‘lovi bozor qiymati bo‘yicha 1,7 trillion so‘m ekanini hisoblagan. Qiziq, “Chorvoq” dachalarida bir kunlik ijara narxi bir necha ming dollar bo‘lib turgan bir paytda yarim million gektardan ortiq hudud bor-yo‘g‘i 1,7 trillion so‘m so‘mgina, xolosmi? O‘zi buni qaysi baholash tashkiloti hisoblab chiqqan? Uning shaffofligi qanchalik ishonchli?
Hayron qolmang, bundan ham hayratlanarlisi oldinda! Qarorga ko‘ra, ushbu qiymatga 0,01 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llangan holda “Sea Breeze Uzbekistan” bor-yo‘g‘i 17 milliard so‘m miqdorida ijara puli to‘laydi, 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib. Sodda qilib aytganda, “Chorvoq”dek strategik suv ombori atrofidagi 577 gektar yerning 25 yillik ijara to‘lovi milliarder Agalarovlar uchun sariq chaqa bo‘lgan 17 milliard so‘mga tenglashtirilgan.
“Ijara huquqi qiymati namuncha kam? (577 gektar yerga 17 mlrd.so‘m va yana 5 yilga bo‘lib to‘lashga). Nima uchun 0,01 kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanilgan? Chorvoqdagi boshqa turistik zonalardagi analogi bo‘yicha ijara huquqi qiymati qanaqa? Axir janob Agalarov kasalxona qurmayaptiku, tijoriy ob’ekt qurayapti”, deya ta’kidladi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Shuningdek, qo‘shma korxona mazkur yer va u yerda quriladigan inshootlarni lotlarga bo‘lgan holda qayta ijaraga berish huquqiga ega. 5 milliardlik loyihasi uchun hukumatdan yaxshigina siylovlar olayotgan Agalarov vaqti kelganida mahalliy tadbirkor yoki xalq uchun ham shunday yengilliklar yaratib bera oladimi yoki yo‘q, bu hali savol ostida. Hududning oddiy aholi qadam ham bosa olmaydigan darajada qimmat va boyvachchalar dam olish makoniga aylanib ketishidan xavotirlar allaqachon paydo bo‘lgan.
Nihoyat, qurilishning ko‘pchilikni xavotirga solgan jihati – oqava suvlarining ichimlik suv manbasiga to‘kib yuborilishi haqidagi qismiga ham yetib keldik. Qarorda ta’kidlanishicha, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi ikki oy muddatda “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJ bilan investitsiya bitimi tuzadi. Unga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida va ishga tushgandan keyin chiqindi hamda oqava suvlari “Chorvoq” suv ombori va Chirchiq daryosiga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oqava suvlarini Chirchiq shahri oqava suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirish choralari ko‘riladi. Ushbu talablarga rioya etmaslik loyiha to‘xtatilishi va yerga bo‘lgan ijara huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
“Rasul Kusherbayev sahifasida investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va qayta foydalanadigan zamonaviy tizim yaratishi, bu ishlar to‘liq investor hisobidan amalga oshirilishini aytgandi. Qaror matnida esa oqava cuvlar Chirchiq shahri oqava suvlarni tozalash inshootiga yo‘naltirilishi aytilgan. Bu inshoot yuklamani qanday ko‘taradi, favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, qanday chora ko‘riladi?”, dedi ekofaol Mo‘tabar Xushvaqtova (Urikguli).
Qaror bilan tanishar ekansiz, “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasiga ruxsat berishdan avval qanday mutaxassislar bilan maslahatlashilgani, kimlarning xulosalari olingani haqidagi savollaringiz ochiq qoladi.
Jamoatchilik faollari esa “xalq fikri inobatga olindi” deya xursand. Sizning fikringiz qanday? Siz ham millionlab odam suv ichadigan toza va hududdagi yagona suv havzasi atrofida yirik qurilishni boshlashga ruxsat berishda hukumat xalq fikriga quloq soldi, deb hisoblaysizmi?
Qonun hujjatlari qabul qilinishida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xalq fikrini inobatga olish haqida ko‘p gapiriladi, ammo amalda-chi? Jumladan, bugun biz gaplashib turgan VMning 2025 yil 1 avgustdagi 490 sonli qarori ham regulation.gov.uz saytida e’lon qilinib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi. Shunday ekan, “xalq fikri inobatga olindi” deya bong urish qanchalik o‘rinli?
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa “Ekologik talab degani oqova suvlarni kanalizatsiyaga yuborishmidi?” deya taajjubda.
“Kurortmi, zavodmi, kasalxonami, oqova suvlarini kanalizatsiyaga yuborish bu umumiy va standart talab emasmi?” deb savol qo‘ymoqda u.
Bakirovga ko‘ra, loyihani to‘xtatishga asos bo‘ladigan talab judayam oddiy va yengil. Agalarovlar esa hech nima bilan risk qilayotgani yo‘q va istalgan vaqt hech qanday yo‘qotishlarsiz loyihadan chiqib keta oladi.
Hukumat qarorida ba’zi vazirlik, idora hamda tashkilotlarga bir qancha topshiriqlar yuklatilgan. Masalan, “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi ikki hafta muddatda “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga zona ishtirokchisi maqomini beradi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2026 yilning 1 yanvariga qadar avtomobil yo‘llari, ichimlik va oqava suv ta’minoti, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish hamda “Chorvoq” suv ombori hududida ko‘prik qurish uchun xalqaro moliya institutlari kreditlarini va davlat-xususiy sheriklik asosida investorlar mablag‘larini jalb etishga mas’ul.
Qarorga ko‘ra, muhofaza zonalariga qo‘yilgan talablarga rioya qilish, taqiqlangan zonalarda qurilish ishlarini olib bormaslik, shuningdek, oqava suvlarni “Chorvoq” suv omboriga tashlamaslikni nazorat qilish hamda atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etish, sanitariya-ekologik me’yorlarga rioya qilish va sog‘lom ekologik muhitni saqlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish Ekologiya va Qurilish vazirliklari, shuningdek, Bosh prokuratura hamkorligida olib boriladi.
Ta’kidlanishicha, Ekologiya vazirligi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJ bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish bo‘ladigan hududda mavjud daraxtlarni xatlovdan o‘tkazadi va ularni qimmatbaho, kam qimmatli hamda nobud bo‘lgan toifalarga ajratadi. O‘zbekistonlik mutaxassislar bu usul besamar ekani, iqlim va texnologik jihatdan bizga mos emasligini ko‘p marotaba ta’kidlayotganiga qaramay, bu safar ham qimmatbaho deb topilgan daraxtlarni boshqa hududlarga ko‘chirishga qaror qilingan. Kam qimmatli deb topilgan daraxtlarni esa ko‘chirish, yoki kesilgan bir tup daraxt uchun to‘lovni amalga oshirmasdan buning o‘rniga 10 tup 5-7 yillik ko‘chat ekish belgilangan. Nobud bo‘lgan deb topilgan daraxtlar esa o‘z-o‘zidan ma’lumki, shunchaki kesib tashlanadi. Hech kimga sir emaski, mamlakatda suv resursi allaqachon muammoga aylanib, vaziyat suv zahiralari bilan o‘ylab muomala qilishni taqazo etmoqda. Joylarda ichimlik suvi masala, bir tup daraxt ko‘kartirish esa mashaqqat bo‘lib turgan bir vaqtda daraxtlarni ertaga qurib qolishi tayin bo‘lgan usulda ko‘chirishga hukumat doirasida ruxsat berish, sizningcha, qanchalik mantiqli?
1966 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng shaharni tiklash uchun katta elektr energiyasiga paydo bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qurilgan shu nomdagi GES keyinchali “Chorvoq” suv omboriga aylantirilgan. Bugungi kunda yirik ichimlik suvi zahirasi atrofi 2000 yillardan buyon dam olish maskaniga aylantirilib keladi va bu davom etmoqda. Hozirgi vaziyatda esa “Sea Breeze Uzbekistan”ga kurort qurish uchun ajratilayotgan yer, xususan, “Yakkatut” mahallasi hududida 1938-1946 yillarda sobiq “Soyuzmishyak” kombinati tomonidan 0,64 gektar yer maydoniga taxminan 40 ming tonna margimush chiqindilar atrofi va ustki qismi betonlanib, havo chiqarish trubalari o‘rnatilib, ko‘milgan. Beton ustidan 70-80 santimetr qalinlikda tuproq yotqizilgan. Bu holat aholida o‘rinli xavotir va savollarni paydo qildi. Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi esa bunday iddaolar asossiz ekanini bildirdi. Biroq bu bayonot yetarli bo‘lmasligi mumkin. Chunki hukumatning bugun biz gaplashayotgan qarorida suv ombori bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda texnogen oqibatlar haqida so‘z bormagan.
Qarorga ko‘ra, loyihaning shaharsozlik va ekologik talablar asosida amalga oshirilishini Bosh prokuror o‘rinbosari Samadov nazorat qiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev esa ekovazir Abduhakimov va Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov bilan birgalikda bitimda belgilangan majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazorat qilishga shaxsan mas’ul etib belgilangan.
Qaror matni bilan tanishar ekansiz, “Sea Breeze Uzbekistan” qo‘shma korxonasiga astoydil qulayliklar yaratilganiga guvoh bo‘lasiz. Jamoatchilik ham oqava suvlarining “Chorvoq”ga to‘kilmasligi aytilgach, xotirjamdek. Ammo daraxtlar ko‘chirilishi, amaldagi yer egalariga yetkaziladigan zararlar qoplab berilishi, qarordagi bandlarning amalda qo‘llanilishi, atrofdagi aholi turmushi va “Margimush qabristoni” mashmashalari hali oldinda.
Live
Barchasi