Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya delegatsiyasini qabul qildi
Jamiyat
−
17:36 684 1 daqiqa
Bugun, 17 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lord Jon Olderdaysni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, barcha darajalarda almashinuvlar faol davom etayotgani ta’kidlangan. Xavfsizlik sohasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Keyingi 5 yilda tovar ayirboshlash 2 baravar oshgan. London fond birjasida O‘zbekistonning 15 milliard dollardan ortiq qiymatdagi suveren va korporativ obligatsiyalari joylashtirilgan. O‘tgan yili Qo‘shma iqtisodiy qo‘mita mexanizmi ishga tushgan.
Britaniyalik hamkorlar bilan birgalikda Prezident maktablari tashkil etilgan va uchta qo‘shma universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan britaniyalik sayyohlarning soni ortib bormoqda.
Suhbat davomida energetika, moliya, geologiya, transport, kimyo, farmatsevtika, fan va ta’lim sohalarida yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.
Live
Barchasi