Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
Sport
−
15 aprel 3670 2 daqiqa
Bugun, 15 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro shaxmat federatsiyasining Nomzodlar turniri g‘olibi Javohir Sindorov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari yosh grossmeysterni O‘zbekiston shaxmat tarixida birinchi marta mazkur nufuzli musobaqada zafar qozonib, tom ma’nodagi tarixiy g‘alabaga erishgani bilan samimiy tabriklagan.
Suhbatda Javohir Sindorov ushbu turnirda ilgari hech kim yeta olmagan yuksak marrani zabt etgani, 14 ta o‘yinda 6 marotaba g‘alaba qozongani sport olamida kamdan kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida ta’kidlangan.
Davlat rahbari yosh grossmeyster dunyoning eng dongdor shaxmatchilariga qarshi har bir bahsda katta jasorat va mahorat bilan dona surib, kuchli iroda, yuksak intellektual salohiyat va qat’iyat fazilatlarini namoyon etganini qayd etgan.
Prezident endi Javohir Sindorov oldida jahon toji uchun hal qiluvchi va sharafli bellashuv turganini qayd etib, bo‘lajak o‘yinlarda unga yanada ulkan omad, kuch-g‘ayrat va yangi zafarlar tilagan.
Suhbatda joriy yil Samarqand shahrida o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida Javohir Sindorovning ishtiroki, shubhasiz, jamoamizga katta ruh va ishonch bag‘ishlashi qayd etilgan.
Fursatdan foydalanib, davlat rahbari Javohir Sindorovning ota-onasi, yaqinlari, ustoz va murabbiylarini ham ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan tabriklagan.
Javohir Sindorov yuksak e’tibor, samimiy qutlov va bildirilgan ishonch uchun Prezidentga chuqur minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibi bo‘lganda ham telefon orqali so‘zlashib, uni tarixiy g‘alaba bilan tabriklagandi.
Live
Barchasi