Shavkat Mirziyoyevga Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etildi

Jamiyat

image

Bugun, 15 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro madaniy tadbirlarning natijalari, turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi vazifalar hamda yirik madaniyat va turizm ob’ektlarini barpo etishga oid taqdimot, xususan, Buxoro shahrining bosh rejasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro madaniyat makonida o‘z mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 190 mamlakatdan 3 mingdan ortiq delegatlar ishtirokida muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish, ta’lim va kreativ iqtisodiyot bo‘yicha tashabbuslarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan.

Mamlakatning Yaponiyada bo‘lib o‘tgan EXPO-2025 Butunjahon ko‘rgazmasidagi ishtiroki yakunlari sarhisob qilingan. O‘zbekistonning 1,2 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilgan “Bilimlar bog‘i” paviloniga 1 million nafarga yaqin odam tashrif buyurgan. Taqdim etilgan ekspozitsiyalar xalqaro miqyosda keng yoritilgan hamda eng ko‘p tashrif buyurilgan pavilonlar qatoridan joy olgan. Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan EXPO-2030 ko‘rgazmasida ishtirok etishga tayyorgarlik ishlari boshlanib, maydoni 3,6 ming kvadrat metr bo‘lgan pavilon qurilishi rejalashtirilgan.

Buxoroda o‘tkazilgan birinchi Zamonaviy san’at biyennalesiga alohida e’tibor berilgan. 70 kun davom etgan tadbir 3,5 gektar maydonni va 14 ta restavratsiya qilingan madaniy meros ob’ektlarini qamrab olgan. Biyennaleda 40 dan ortiq davlatdan 70 nafar ijodkor va kurator ishtirok etgan. Tadbirda ishtirok etganlarning soni qariyb 1,8 million nafarni tashkil etib, jumladan, 100 nafardan ortiq yuqori martabali xorijiy mehmon tashrif buyurgan. O‘zbekiston 2021 yildan buyon Venetsiya biyennalesida doimiy ravishda ishtirok etishi esa Italiyadan sayyohlar oqimining o‘sishiga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.

Mamlakatda yirik xalqaro konsert dasturlari o‘tkazildi. Xususan, Toshkentda Jennifer Lopes, Xivada Black Coffee, Samarqandda Andrea Bochellining konsertlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarni o‘tkazish davrida mazkur shaharlarda mehmonxonalardan foydalanish darajasi 90 foizdan oshdi, bu esa turizm va xizmatlar sohasi daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

2025 yilda sayyohlar soni 11 milliondan oshib, turistik xizmatlar eksporti 4,8 milliard dollarga yetgani, shuningdek, vizasiz tartib joriy etilgan davlatlarning soni 94 taga ko‘paygani qayd etildi.

Shu bilan birga, turizm sohasini loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tkazish, turizm mahsulotlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha yagona mexanizmni joriy etish hamda yirik tadbirlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soha faoliyatini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Davlat va xususiy axborot tizimlarini uyg‘unlashtirib, Milliy turizm platformasini ishga tushirish, turistlar va tadbirkorlar uchun proaktiv raqamli xizmatlarni joriy etish, naqdsiz hisob-kitoblarni kengaytirish hamda turistlar oqimini tahlil qilish vazifalari belgilab berildi. Raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sayyohlik yig‘imidan yillik tushumlarni oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.

Mamlakat turizm salohiyatini AQSH, Fors ko‘rfazi davlatlari, Hindiston, Xitoy va Skandinaviya kabi ustuvor bozorlarda ilgari surish bo‘yicha yangi marketing strategiyasini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. O‘zbekistonning xalqaro turistik platformalardagi ishtirokini kengaytirish, raqamli kontentni rivojlantirish hamda yirik media resurslari va fikr yetakchilarini jalb qilish vazifalari belgilandi.

Taqdimotda yirik madaniyat va turizm ob’ektlari loyihalari ko‘rib chiqilgan.

Samarqandda “Samarqand merosi yo‘lagi” loyihasi ish boshlamoqda. Registon ansambli, Bibixonim va Shohi Zinda majmualari hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini 6,6 kilometrlik yagona sayyohlik yo‘nalishi o‘zaro bog‘laydi.

Samarqandda yangi “Ipak yo‘li” muzeyini qurish loyihasi taqdim etilgan. Umumiy maydoni 19,5 ming kvadrat metrni tashkil etadigan uch qavatli zamonaviy bino qurilib, unda inklyuziv muhit, ko‘rgazma zallari, eksponatlarni saqlash fondlari, shuningdek, ta’lim olishga mo‘ljallangan hududlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi hududida landshaft dizaynini yangilash rejalashtirmoqda. Yangi muzey binosi, immersiv ko‘rgazma zallari, tashrif buyuruvchilar uchun markaz barpo etiladi. Piyoda yo‘laklari obodonlashtirilib, arxeologik ob’ektlar yagona muzey muhitiga uyg‘unlashtiriladi.

Shuningdek, Buxoro shahrining bosh rejasi taqdim etilgan. Unda qulay shahar muhitini shakllantirish, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kongress-xoll, amfiteatr, kutubxona, fud-xoll, chakana savdo va tijorat ob’ektlari hamda yuqori toifali mehmonxonani o‘z ichiga oladigan ko‘p funksiyali majmua sifatida tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish nazarda tutilgan.

Muhokama yakunida Prezident madaniyat loyihalarini turizmni rivojlantirish vazifalari bilan o‘zaro bog‘lagan holda amalga oshirish, ularning iqtisodiy barqarorligi va sifatli boshqaruvini ta’minlash zarurligini alohida ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev turizm Buxoro shahri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing