O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Bu haqda bugun, 15 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda ikki va ko‘p tomonlama siyosiy-diplomatik aloqalarni kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish masalalari muhokama qilingan.

O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. 2035-2036 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga O‘zbekiston nomzodi ilgari surilmoqda.

Barcha diplomatlar joriy yilda ham xalqaro aloqalar jadvalida yuqori faollikni saqlab qolish, tashqi siyosiy kun tartibi yanada sermazmun bo‘lishi uchun jiddiy sa’y-harakat qilishi zarurligi ta’kidlangan.

Oliy darajadagi tashriflarga bir oy qolganda emas, ancha oldin tayyorgarlik ko‘rish, puxta ishlanmagan shartnomalar ertaga istiqbolsiz loyihaga aylanishi yoki investorlar yillar davomida sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi qayd etilgan.

Dunyoda o‘z ovozi va salohiyatiga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada kabi yirik davlatlar bilan oliy darajadagi tashriflar hanuzgacha amalga oshirilmagani, aloqalar sust bo‘lib qolayotgan davlatlar bilan hamkorlikni jonlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmaganiga e’tiroz bildirilgan.

Oliy darajadagi xorijiy tashriflarga tayyorgarlik sifatini oshirish, Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, Qo‘shilmaslik harakati – yirik harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaslikni va o‘z mustaqil tashqi siyosatini yuritishni asosiy maqsad qilgan davlatlarni birlashtiruvchi xalqaro tashkilotdir.  O‘zbekiston ushbu tashkilotga 1992 yilda a’zo bo‘lgan. Hozirda tashkilotga Uganda raislik qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik Kengashi Qo'shilmaslik harakati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing