Shveysariya Trampni qimmatbaho sovg‘alar bilan avradi
Olam
−
17 noyabr 2381 2 daqiqa
Shveysariya AQSH Prezidenti Donald Trampni rozi qilish va mamlakatga qo‘yilgan boj stavkalarini kamaytirish uchun sanoat yetakchilaridan iborat delegatsiyani AQSHga yubordi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Delegatsiya Trampga Rolex kompaniyasining stol usti soati va 1 kilogrammlik oltin quymasini sovg‘a qilgan. Oltin quymaning ustiga Trampning prezidentlik davrlariga ishora qilib 45 va 47 raqamlari o‘yib yozilgan. Sovg‘alar 4 noyabr kuni Vashingtonga tashrif chog‘ida topshirilgan.
Tramp 2025 yil avgust boshida Shveysariya va yana 64 mamlakatga qarshi bojlarni joriy qilgan edi. Shveysariya uchun boj stavkasi 39 foiz qilib belgilangan bo‘lib, bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
“Financial Times” manbalariga ko‘ra, bojlar e’lon qilinishidan bir kun oldin Shveysariya Prezidenti Karin Keller-Zutter Trampga qo‘ng‘iroq qilgan, ammo suhbat “juda yomon” bo‘lgan. Tramp OAVga bergan intervyusida: “Ayol yoqimtoy edi, lekin meni tinglamadi”, degan.
Yuqori darajadagi muzokaralar samara bermagach, Shveysariya taktikasini o‘zgartirgan va 4 noyabr kuni biznes yetakchilari delegatsiyasini Oq uyga yuborgan.
Delegatsiya tarkibida qimmatbaho metallar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MKS SA kompaniyasi rahbari Marvan Sharkiy, Rolex rahbari Jan-Frederik Dyufur, Richemont raisi Yoxann Rupert, Mercuria treyding kompaniyasi hammuassisi Daniel Yaggi bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, sovg‘alar va uchrashuv Trampga yoqqan.
“Shveysariyaning yuqori martabali vakillari bilan uchrashganim katta sharaf bo‘ldi. Eng muhim mavzu – savdo va savdo nomutanosibligini muhokama qildik. Uchrashuvda qatnashganlarning barchasini ajoyib ishlari uchun maqtamoqchiman”, deya post qoldirgan Oq uy rahbari.
Oq uy vakillari Tramp sovg‘alarni o‘z nomiga emas, Prezident kutubxonasi nomidan qabul qilganini, shu bois bu qonuniy bo‘lganini ta’kidlagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Shveysariya o‘z maqsadiga erishgan. 14 noyabr kuni AQSH Shveysariya mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni 39 foizdan 15 foizgacha tushirdi. Bunga javoban, Shveysariya savdo to‘siqlarini yumshatishga va mamlakat kompaniyalari AQSHga ko‘proq investitsiya kiritishga rozi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, AQSH qonunchiligiga ko‘ra, davlat xizmatchilari, jumladan, Prezident ham, chet el yetakchilaridan qimmat shaxsiy sovg‘alar ololmaydi. Ular 480 dollargacha bo‘lgan sovg‘alarni o‘zida qoldirishi mumkin. Undan qimmati esa milliy arxivga topshiriladi.
Live
Barchasi