Sirdaryoda pora olgan advokat qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
29 Oktabr 4681 1 daqiqa
Sirdaryo viloyatida advokat jinoyat ishini gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga undan 5500 dollar talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo tumanidagi advokatlik byurosi advokati o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda, tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, hozirda Xovos tumanidagi 8-son Tergov hibsxonasida saqlanayotgan fuqaroni Sirdaryo tuman IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga o‘tkazish hamda keyinchalik jinoyat ishini sudda uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 5500 dollar talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat 4500 dollar va 6 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, advokat jinoyat ishiga gumonlanuvchining huquqlarini himoya qilish maqsadida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun jalb qilingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida pora so‘ragan mansabdorlar hamda advokatlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi