Skype tanazzulga uchradi. Dastur 5 may kuni butunlay yopiladi

Texnologiya

image

3 kundan so‘ng, 5 maydan boshlab Skype faoliyati rasman to‘xtatiladi. Bu haqda Microsoft matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya foydalanuvchilarga akkaunt va unga bog‘langan ma’lumotlarni yo‘qotmaslik uchun muqobil variantni taklif qilmoqda – barcha kerakli ma’lumotlarni Microsoft Teams platformasiga eksport qilish mumkin.

Microsoft’ning ta’kidlashicha, Skype’dagi asosiy funksiyalar – qo‘ng‘iroqlar, xabarlar almashish, fayllar yuborish Teams’da ham to‘liq mavjud. Bunga qo‘shimcha ravishda Teams foydalanuvchilarga kalendar, qiziqishlar bo‘yicha guruhlar, videouchrashuvlar va boshqa korporativ vositalarni ham taklif etadi.

Skype’ning tanazzuliga bir necha omillar sabab bo‘lgan. Xususan, mobil texnologiyalar davrida texnik yangilanishlardan orqada qolish, shuningdek Zoom, Discord, WhatsApp va hatto Microsoft Teams kabi raqobatchilarning jadal o‘sishi. Aynan Teams hozirda korporativ aloqalar bozorida yetakchilik qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Skype xizmati 2003 yilda ish boshlagan va bu o‘z davrida internetda haqiqiy inqilobga aylangan edi – foydalanuvchilar hatto xorijga ham bepul videoqo‘ng‘iroqlar amalga oshira oladigan bo‘ldi.

2011 yil 10 mayida Microsoft Skype’ni 8.5 milliard dollarga sotib oldi. Shundan so‘ng u kompaniyaning boshqa ikkita o‘xshash xizmatlari – Skype for Business va Microsoft Teams bilan yonma-yon mavjud bo‘lib keldi. Biroq vaqt o‘tishi bilan Microsoft Teams asosiy platformaga aylana boshladi va Skype’ning roli tobora kamaydi.

Qayd etish joiz, Microsoft 2023 yil dekabrdan boshlab Skype kreditlarini sotishni to‘xtatgan, ilovaning so‘nggi yangilanishi esa 2024 yil may oyida chiqqan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Microsoft Skype

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing