Sun’iy intellekt tahdidi ostidagi kasblar e’lon qilindi
Texnologiya
−
02 avgust 16402 2 daqiqa
Microsoft kompaniyasi o‘zining yangi tadqiqotida sun’iy intellekt (SI) ta’siriga eng ko‘p duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasblarni aniqladi. Tadqiqot “Microsoft Research” tomonidan olib borilgan.
Sun’iy intellekt eng ko‘p ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kasblar:
- Tarjimonlar;
- Yozuvchilar;
- Tarixchilar;
- Mijozlar bilan ishlash bo‘yicha xodimlar;
- Styuard(essa)lar;
- Sotuvchilar;
- CNC dasturchilari (sonli boshqaruv tizimlari);
- Telefon operatorlari;
- Chiptaxona kassirlari;
- Radio boshlovchilari va DJ’lar.
Microsoft mutaxassislarining ta’kidlashicha, aynan shu sohalarda SI texnologiyalarining jadal joriy qilinishi kuzatilmoqda. Biroq bu insonlarni to‘liq almashtirish degani emas, balki inson va texnologiya o‘rtasidagi yangi hamkorlik modelining kuchayishi, ya’ni SI yordamida ish samaradorligini oshirish ekanini anglatadi.
Shu bilan birga, Microsoft eng kam tahdid ostida bo‘lgan kasblarni ham e’lon qildi:
- Jihozlar operatorlari;
- Qo‘lda ishlovchi mutaxassislar;
- Tibbiyot xodimlari;
- Massajchilar.
Bu sohalar SI uchun jismoniy harakat, sezgi va motorika talab qilinadigan vazifalardan iborat bo‘lgani uchun avtomatlashtirish darajasi past deb baholangan.
Microsoft'ning o‘z sun’iy intellekt yordamchisi – Copilot Windows va Edge brauzerlariga integratsiya qilingan. Shuningdek, Azure platformasida ChatGPT, DALL·E va Grok kabi ilg‘or generativ modellar faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Xueba 01 (“Zo‘r o‘quvchi”) ismli odamsimon robot ilk bor mamlakatning yetakchi universitetlaridan birining drama va kino yo‘nalishidagi doktorantura dasturiga qabul qilingandi.
Live
Barchasi