Sudandagi urush nazoratdan chiqmoqda – Guterrish

Olam

image

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Sudanda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar “nazoratdan chiqib ketgan”, deb bayonot berdi.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun shoshilinch choralar ko‘rishi kerak.

Qatardagi BMT sammitida so‘zlagan Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Darfur viloyatidagi El-Fashir shahridagi vaziyat dunyoning eng og‘ir gumanitar inqirozlaridan biriga aylanmoqda.

“Biz doimiy ravishda inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilayotgani haqida xabarlar olayapmiz. Yuz minglab tinch aholi muhosarada qolgan, odamlar oziq-ovqat yetishmasligi, kasalliklar va zo‘ravonlik tufayli halok bo‘layapti”, dedi BMT Bosh kotibi.

Guterrish taraflarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga hamda barcha davlatlarni Sudanga qurol yetkazib berishni bas qilishga chaqirdi.

“Butun xalqaro hamjamiyat va Sudandagi vaziyatga ta’sir ko‘rsata oladigan barcha kuchlarni birlashtirish zarur. Bizga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kerak. Bu daxshatli jangni to‘xtatish shart. Eng muhim shartlardan biri – mamlakatga qurol kirishini cheklash. Shu bilan birga, sodir etilayotgan jinoyatlar uchun javobgarlik mexanizmlarini ham yaratish zarur”, dedi u.

Sudandagi mojaro 

2023 yil 15 apreldan buyon Sudanda milliy armiya bilan Tezkor qo‘shinlar (RSF) o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Natijada El-Fashir shahri RSF nazoratiga o‘tdi, minglab aholi o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Internetda tarqalgan videolarda aholini zo‘rlab ko‘chirish, qotillik va azob-uqubat holatlari qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sudan Antoniu Guterrish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing