Surxondaryoda ham suvombor bo‘yida turizm majmuasi quriladi
Jamiyat
−
25 avgust 5525 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Janubiy Surxon” suvombori hududida umumiy maydoni 15,7 gektar, qiymati 140 mlrd so‘mlik bo‘lgan ekoturizm kompleksi qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida tabiiy muhitni asrab-avaylash, yangi yashil maydonlar tashkil etish, ekologik talablarga mos yo‘l va infratuzilmalar barpo etish hamda oqova suvlarni tozalash tizimini joriy qilish nazarda tutilgan.
“Surxondaryo viloyatida tog‘li rekretsion hududlar, suvomborlar, ko‘llar va daryo sohillari imkoniyatlaridan samarali foydalanib, tabiatga ziyon yetkazmagan holda ekoturizmni rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirilgan loyiha taqdimoti bilan tanishgan. Hudud ko‘zdan kechirilib, qurilish ishlarini tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirish, belgilangan talablar asosida qisqa muddatlarda boshlash vazifalari topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 aprel kuni Ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Chorvoq” suvombori bo‘yida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazining loyihasini taqdim qilgandi. Shundan so‘ng, turizm markazi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi 577 gektar yer uchastkasining Bo‘stonliq tumani hokimligi tasarrufiga qaytarilgan va bo‘sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olingan qismlari “Agalarov Development” MCHJ (Ozarbayjon) ishtirokidagi “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJga 25 yilga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga beriladi. U yerda 2025-2035 yillarda qiymati 5 mlrd AQSH dollarini tashkil etadigan umummavsumiy kurort majmuasi barpo etiladi.