Yozuvchi Erkin A’zamga ham uy sovg‘a qilindi
Madaniyat-san’at
−
29 noyabr 5189 2 daqiqa
Kecha, 28 noyabr kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zamning 75 yilligi keng nishonlandi va shoirga Termiz shahridan uy sovg‘a qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz shahrida adibning yubileyiga bag‘ishlangan tantanali madaniy tadbir bo‘lib o‘tgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos va betakror namoyandalaridan biri – Erkin A’zamni 75 yillik yubileyi bilan voha ahli nomidan samimiy muborakbod etgan.
Tadbirda yozuvchi va jamoat arbobi Murod Muhammad Do‘st, rejissyor Jahongir Qosimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qulman Ochil, Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi tadqiqotchisi Ikrom Choriyev, shoir va nosir Eshqobil Shukur, adabiyotshunos Olimjon Davlatov, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, shoir va yozuvchi G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev hamda adabiyot va san’at sohasining ko‘plab vakillari, atoqli adibning yaqinlari va kitobxonlar ishtirok etgan.
Tadbir doirasida Erkin A’zamning asarlaridan parchalar o‘qib eshittirilgan, uning ijodi asosida yaratilgan filmlar namoyish etilgan.
Ma’lumot uchun, Erkin A’zam 1950 yil 10 avgustda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. 1967 yilda o‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlaganidan so‘ng, Erkin A’zam Toshkent davlat universitetiga o‘qishga kirgan. 1972 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Erkin A’zamning yozuvchilikdagi ilk uchqunlari maktab davridayoq porlay boshlagan. Uning “Inson” hikoyasi 1966 yilda viloyat gazetasida chop etilgan. Keyinchalik uning “Chiroqlar o‘chmagan kecha” nomli hikoyalar to‘plami 1977 yilda chop etilgan. Biroz tanaffusdan keyin, anqirog‘i 1981 yilda yozuvchining “Otoyining tug‘ilgan yili” nomli qissa va hikoyalar to‘plami chop etilgan. Erkin A’zam “Otoyining tug‘ilgan yili” to‘plami uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus mukofoti bilan taqdirlangan. Shundan so‘ng, iste’dodli yozuvchining “Olam yam-yashil“ (1984), “Javob” (1986), “Bayramdan boshqa kunlar” (1988), “Pakananing oshiq ko‘ngli” (2001), “Kechikayotgan odam” (2002) singari bir qator roman, qissa va hikoyalari ketma-ket chop etilgan. Yozuvchining “Jannat o‘zi qaydadur”, “Shajara”, “Farrosh kampirning tushi” kabi yozilgan asarlari asosida respublika teatrlarida pesalar sahnalashtirilgan va muvaffaqiyatga erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning 75 yilligi keng nishonlangandi va shoirga Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan 3 xonali uy sovg‘a qilingandi.
Live
Barchasi