“Suzayotgan” mashinalar: Olmaota ko‘chalari ham suvga g‘arq bo‘ldi (video)

Olam

image

Kecha, 10 may kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida noqulay ob-havo kuzatildi – janubiy poytaxtning ayrim ko‘chalarini yana suv bosdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tabiat hodisasi oqibatlari aks etgan videoroliklar paydo bo‘lgan. Guvohlarning qayd etishicha, yo‘llarning ayrim qismlarida mashinalar “suzib yurgan”, piyodalar esa ulkan ko‘lmaklarni aylanib o‘tishga majbur bo‘lgan. Suv bosgan ko‘chalar shaharning turli tumanlarida videoga olingan. Olmaotaliklar ariq tizimlari suv oqimiga dosh bera olmayotganidan shikoyat qilgan.

Avezov tumani hokimligiga ko‘ra, oqibatlarni bartaraf etish uchun voqea joyiga mutaxassislar yuborilgan. Shuningdek, O‘ngarsinova va Riskulov ko‘chalari kesishmasida yashovchi aholi ham shikoyat qilgan. Olatau tumani hokimligi suv bosishi rekonstruksiya ishlari bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.

“Olmaota shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Qarg‘alinka daryosi o‘zanini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Rekonstruksiya davomida pudratchi tashkilot Riskulov shohko‘chasida joylashgan daryo o‘zani orqali o‘tish yo‘lini yopib qo‘ygan. Shu sababli suv kanal orqali o‘tmayapti”, deya tushuntirish bergan idora.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun u yerga ham mutaxassislar yo‘naltirilgan. Oqsuv ko‘chasida yashovchi fuqaro esa uyini suv bosganidan shikoyat qilgan – erkak yomg‘irdan keyin xonalarga kirib qolgan suvni videoga olgan. Olatau tumani hokimligining ma’lum qilishicha, hozirda Oqsuv ko‘chasida ilgari umuman mavjud bo‘lmagan ariq tarmog‘ini qurish ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlanishicha, shahar hokimligi sinoptiklar prognoziga tayanib, yog‘ingarchilik 12 may kuni tushgacha davom etishi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, 11 may kuni shamol kuchayishi kutilmoqda.

“Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mahalliy suv bosishlarining oldini olish va bartaraf etish uchun kommunal xizmatlar va pudratchi tashkilotlarning tunu kun navbatchiligi tashkil etildi. Navbatchilikka 104 ta maxsus texnika, 74 ta motopompa, 12 ta assenizator mashinasi, 425 nafar yo‘l ishchisidan iborat 75 ta tezkor brigada chiqarildi, shuningdek, 2300 qop qum tayyorlandi. Qo‘shimcha ravishda, assenizator texnikasi va 15 ta motopompa bilan jihozlangan Olmaota Qutqaruv xizmatining navbatchiligi tashkil etildi. Shahar Favqulodda vaziyatlar departamenti yo‘nalishi bo‘yicha 53 ta maxsus texnika va 240 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan”, deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri ko‘chalarini ham suv bosgani haqida xabar berilgan edi. Shahar hokimligi buni Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 millimetrgacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallanganini, biroq kuzatilgan yog‘ingarchilik bundan ancha ko‘p bo‘lgani bilan izohladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston suv yomg'ir Olmaota toshqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing