Talabalar diqqatiga! Yotoqxona uchun ariza berish boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 1 avgust kunidan boshlab oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turarjoyi uchun arizalar qabul qilina boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori (oliy ta’lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida) bilan tasdiqlangan reglamentga asosan, 1 avgustdan boshlab talabalar arizalarini my.gov.uz portali orqali yuborishi mumkin.

Reglamentga muvofiq, dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turarjoylariga qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila (ayol) farzandlari;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
  • xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro va vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan respublika miqyosidagi fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar;
  • vazirlik tomonidan o‘tkaziladigan “Zakovat” intellektual o‘yinlari respublika bosqichi g‘oliblari;
  • “Yil talabasi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari;
  • “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari;
  • talabalar turarjoyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:

  • 1-kurs talabalari uchun 55-65 foiz;
  • 2-kurs talabalari uchun 15-20 foiz;
  • 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20-25 foizgacha ajratiladi.

Bildirilishicha, arizalar qabuli 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 

Qo‘shimcha qilinishicha, 2025-2026-o‘quv yilida OTM 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natija chiqqandan so‘ng ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ham joylar yuqoridagi tartib asosida ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-2026 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlari tasdiqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Talaba ariza Yotoqxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing