Telegram’da soxta sahifalar orqali odamlarni chuv tushurganlar qamaldi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Bojxona qo‘mitasi nomidan soxta sahifalar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Telegram va Instagram ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etilib, guruh a’zolari qo‘lga olingan. 

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, guruhlarda “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.

Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan.

Oqibatda jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflan yuborgan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.

Mazkur holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib ўтамиз, avvalroq Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Telegram Bojxona qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing