“10 yil oldin terrorchi, bugun janob prezident”

Tahlil

image

Joriy yilning 15 oktyabr kuni Suriyaning muvaqqat hokimiyati rahbari Ahmad ash-Shara Kremlga o‘zining talab va takliflari bilan tashrif buyurdi. Jahon sahnasida anchayin ustamonligi bilan ko‘plab davlat rahbarlari e’tirofiga sabab bo‘layotgan ash-Shara ma’muriyati, uzoqqa cho‘zilgan Ukraina bilan urushdan holdan toyayotgan Putin ma’muriyatining muloyimlashib qolganidan foydalanib qolmoqchi ko‘rinadi.

Rossiyadan boshpana topgan Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan so‘ng Putin ilk bora Suriya muvaqqat prezidentini Moskvada qabul qildi. Ahmad ash-Shara Rossiyaga birinchi tashrifida Putin bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagi, so‘roq ostida qolayotgan masalalar yuzasida suhbat qurdi. Kremldagi Rossiya-Suriya oliy darajadagi muzokaralari davlat rahbarlarining kameralar oldida chiqishi bilan boshlandi. Unda Putin Moskva va Damashq o‘rtasidagi “alohida munosabatlar”ni yana bir bor ta’kidladi. Bundan tashqari, u ash-Shara hokimiyati tomonidan 5 oktyabrda o‘tkazilgan parlament saylovlarini ijobiy e’tirof etdi.

Putin kechagi o‘n yillik azaliy g‘animga bugun “prezident” deb murojaat qilib, unga hurmat-izzat bilan munosabat qildi. 2024 yil dekabrda Ash-Shara guruhi hukumatni egallab olganidan so‘ng, yil yakunida o‘tkazilgan “Pryamaya liniya s Vladimirom Putinim” teleko‘rsatuvida Rossiya Prezidenti “Suriyani terrorchilar egallamadi,” deb, ash-Shara ma’muriyatini tan olishga go‘yo ishora qilgandek edi. Buni qarangki oradan bir yil ham o‘tmay turib Rossiya hokimiyati o‘z uyida sobiq dushmanini mehmon qilib unga xushomadlar qilmoqda.
 
Bunga javoban Ahmad ash-Shara ham taklif uchun Putinga minnatdorlik bildirib, Damashqning Rossiya-Suriya munosabatlarini “qayta tiklash” niyatini e’lon qildi.

“Bizni Rossiya bilan bog‘laydigan ikki tomonlama munosabatlar va umumiy manfaatlar mavjud…”, deb iliq so‘zlar aytgan ash-Shara.

Qisqagina ochilish qismidan so‘ng uchrashuvning asosiy qismi yopiq eshiklar ortida davom etgan. Ikki yarim soatdan ortiq olib borilan Putin va ash-Shara o‘rtasidagi muzokaralarda ko‘tarilgan mavzular haqida Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak jurnalistlarga qisqacha intervyu berdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya energetika va transport loyihalarida ishtirok etishga, Suriyani qayta tiklashga ko‘mak berishga tayyor. Buning evaziga esa Suriya hududidagi neft konlaridan foydalanishga kelishib olishgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Damashq Rossiyadan bug‘doy, oziq-ovqat va dori-darmon import qilishga qiziqish bildirgan.

Ash-Shara ham Rossiya bilan ilgari tuzilgan barcha kelishuvlarni hurmat qilishi va kelgusida ham amal qilishini aytgan. Bu esa qaysidur ma’noda Suriya hududidagi Rossiyaning harbiy bazalari daxlsizligining kafolati deganidir. Ko‘pchilik uchrashuvning markaziy mavzusi aynan shu – Rossiyaning ikki harbiy bazasining taqdiri bo‘lishini kutgan edi. Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi yetakchi ilmiy xodimi Nikolay Suxovning RTVI telekanaliga aytishicha, “tomonlar harbiy bazalar maqomini rasmiylashtiradigan yangi asosli kelishuvlarni imzolashdan manfaatdor. Rossiya ham, Suriya ham bu boradagi status-kvoni saqlab qolish niyatida: Moskva mintaqadagi harbiy mavjudligi va ta’sirini saqlab qolmoqchi, Damashq esa iqtisodiy va siyosiy manfaatlar, shuningdek, xavfsizlik kafolatlarini olishni istaydi”. Qolaversa, Suriyaning yangi rahbariyati o‘z vakolatlarini qonuniylashtirishga, yuzma-yuz muzokaralarda Moskvadan yordam olishga intilayotganini qo‘shib o‘tgan. Uning fikricha, Suriyadagi kutilmagan o‘zgarishlar Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalari bilan aloqa o‘rnatishiga to‘sqinlik qilmadi.

Ayni damda Suriya ham Putinga turli talablar bilan chiqgan. Bular orasida ochiqlanganlari, avvalambor yangi hukumatni xalqaro maydonda legitimlikka erishish uchun yordam, harbiy-texnik hamkorlik,  iqtisodiy va infratuzilma loyihalari hamda mintaqaviy xavfsizlik va diplomatik muvofiqlashtirish.

Ash-Shara o‘zining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi ilinjida Rossiyadan ko‘mak so‘ragani aniq. Putin ham “Prezident Ahmad ash-Shara” jumlasini qo‘llaganligi bu o‘rinda alohida ahamiyatlidir. Bir qancha vaqt ilgari Turkiyadan harbiy sohada ko‘mak so‘ragan ash-Shara bugun Rossiya hukumatiga ham xuddi shunday so‘rov bilan chiqmoqda. Nikolay Surxov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya ham bunga rozi, ammo janubi-g‘arbiy chegarasida ketayotgan urush bunga qanchalik imkon beradi, bu borada izoh berilmagan.

Ko‘pchilikning kutilmalariga ko‘ra, Suriya tomonidan qo‘yiladigan talablar orasida Bashar Asadning Damashqqa ekstraditsiya qilinishi edi. Ammo ochiqlangan ma’lumotlarda bu haqida gapirilmagan. Faqat uchrashuv oldidan “Reuters”ning Suriya rasmiylariga tayanib chiqargan xabarida ushbu taklif berilishi kutilayotgani aytilgan edi. Hozirgi kunda Moskvada istiqomat qilib kelayotgan Bashar  Asad ba’zi yangiliklarda ko‘rinish berib qoladi. Rossiya o‘zining himoyasiga olgan shaxslarni topshirib yuborishi ehtimoldan yiroq, ammo bu ishni qilsa ham, buni ochiqdan-ochiq qilmasligi tayin.

Kreml doim o‘zini Oq uydan farqli o‘laroq “hamkorlariga nisbatan sodiq” ekanini iddao qiladi. Bir qarashda, Rossiya siyosiy doiralari aynan shu vaj bilan Asadni ash-Shara changaliga topshirmasligi mumkindek ko‘rinadi. Ammo yaqin o‘tmishga nazar tashlansa, Rossiya qaysi do‘stlari uchun astoydil himoya qalqoni bo‘lib bergani yoki ularning hayotini saqlab qolganini topish qiyin. Masalan, birgina Putin hokimiyat tepasida turgan davrning o‘zida Yaqin Sharqda Rossiyaning yaqin hamkori bo‘lgan Saddam Husayn dorga osildi. Shimoliy Afrikada Muammar Kaddafiy yuzlashgan halokatli taqdir ham shular jumlasidandir. Bu voqeliklarda Kreml amaliy qadamining izi ko‘rinmagan.

Tarixiy konfliktlar

Bugungi Rossiya ash-Shara ma’muriyati bilan uzoq tarixiy konfliktlarga ega ekani ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa kerak. Hofiz Asadning sotsializm g‘oyalari bilan hukumat tepasiga kelishi o‘laroq Sobiq Sovet Respublikasi bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan edi. O‘shanda SSSR hukumati Suriyaga Asad hokimiyatini mustahkamlash uchun ko‘p yordam bergan. Harbiy texnikalar, siyosiy maslahatchilar va boshqa amaliy ko‘maklar bu ikki davlat o‘rtasida qalin aloqalar hosil qilgan.

Bashar Asadning hokimiyatga kelishi va SSSRning qulashi bu yaqinlikka ta’sir etmadi. “Arab bahori” to‘lqinida 2011 yilda Suriyada boshlangan fuqarolar urushi fonida Asad ma’muriyatini qulatish tarafdori bo‘lgan oppozitsiyaga qarshi kurashishda Bashar Asad to‘la Rossiyaga tayangan. Ayni damda AQSH Suriya hududidagi terrorchi guruhlarga qarshi kurashish maqsadida kurd jamoalarini qo‘llab quvvatladi. Suriya shimolida betartiblik hosil qilgan kurdlar tufayli, Suriyaning shimoldagi qo‘shnisi Turkiya jang maydoniga g‘oyibona qo‘shildi va Asad hukumatiga qarshi kaolitsiyaga yordam berdi.

Ammo baribir Rossiyaning keyingi harakatlari jang taqdirini hal qildi.  Harbiy va texnikaviy yordamlardan tashqari, 2015 yilda Rossiya harbiy qo‘shinlari Suriya hududiga kirib keladi. Bashar Asad iltimosiga binoan kelgan harbiy kuchlar to‘ntarilishchilarga qarshi shafqatsiz ravishta kurash olib boradi. Natijada Asad hokimiyati saqlab qolinadi, ammo Rossiyaning hududdagi ta’sir doirasi ortib ketadi. Bu yerga rus hukumati o‘z harbiy guruhlarini joylashtirib, harbiy bazalar quradi.

Ash-Shara bilan bo‘lgan endigi uchrashuv ham tomonlar uzoq yillik tarixiy ziddiyatni chetga surib, ilk bora o‘zaro hamkorlik qilish uchun murosaga kelganini anglatadi. Aynan mana shu jihatlar tufayli ham Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi Stefan Dyujarrik Ahmad ash-Sharaning Rossiyaga tashrifini Suriyaning xalqaro munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadami sifatida olqishladi.

Turkiyaning oppozitsiyani qo‘llovi

Suriya hududida doimiy muammolardan biri – mamlakat shimolida istiqomat qiluvchi kurdlardir. Ushbu etnik xalq Turkiya, Suriya va Iroq hududlariga sochilib ketgan bo‘lib, mustaqil davlatga ega emas. Turkiyada esa kurdlar huquqlari muammoli hisoblangani uchun bu mamlakatning ham ichki, ham tashqi siyosatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Turkiya ma’muriyati fikricha, Suriya shimolida mustaqil kurd mintaqasining paydo bo‘lishi, Turkiya ichidagi kurd separatizmini yanada kuchaytirib yuboradi. Bashar Asad esa kurdlarga avtoritarlik huquqini berishni va’da bergan edi. Shu tufayli Turkiya oppozitsion guruh – Suriya milliy kaolitsiyasi harakatini qo‘llaydi.

2024 yil dekabr oyida Asad hokimiyatini ag‘darib, hukumat tepasiga kelgan Suriya milliy kaolitsiyasining Turkiya bilan aloqalari yaxshiligicha qoldi. Hatto ash-Sharaga bir necha bor uyushtirilgan suiqastda Turkiya maxfiy kuchlari uning hayotini saqlab qogani haqida ma’lumotlar bor. “Yedioth Ahronoth” gazetasi oldinroq bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ash-Sharaga nisbat sodir etilgan uch suiqastda ham uni Turkiya razvedksi himoya qilib qolgan. 

Isroil matbuotiga ko‘ra, Suriya muvaqqat prezidentiga uyushtirilgan birinchi suiqasd Damashqdagi Qasr ash-Shab saroyi yaqinida bo‘lgan. Bu harakat esa Turkiya maxfiy xizmatlarining tezkor javobi tufayli bartaraf etilgan hamda voqea joyida gumondorlar zararsizlantirilgan. 

Ikkinchi suiqasd Iordaniya bilan chegaraga yaqin joyda, aniqrog‘i Dara shahri hududida rejalashtirilgan. Ahmad ash-Sharaning mazkur hududga tashrifi chog‘ida atrofda ikki nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Suriya va Turkiya xavfsizlik kuchlarining birgalikdagi harakatlari bilan ash-Sharaning yo‘nalishi o‘zgartirilgan va bu orqali hujumning oldini olingan. Bu voqealar ommadan sir tutilib, maxfiyligicha qoldirilgan.

Uchinchi va eng jiddiy suiqasd esa Damashqda Suriya rahbarining muntazam marshrutida qurolli pistirma shaklida uyushtirilgan. Bu safar ham yana Turkiya va mahalliy razvedka xodimlari hujumga tayyorgarlikni o‘z vaqtida aniqlab, suiqasdga uringanlarning rejasini barbod qilgani aytilgan.

Bundan tashqari, NATOga a’zo bo‘lgan Turkiya Yaqin Sharqda Rossiya ta’sirini oshib ketishini ham istamas edi. Shu tufayli bu yerdagi kuchlarni muvozanatlash va G‘arb tanqidiga uchramaslik uchun ham Turkiya oppozitsion guruhni qo‘llab quvvatlagan.

Suriyaning geosiyosiy ahamiyati

Suriya Yaqin Sharqdagi eng muhim strategik markazlardan biri hisoblanib, bu yerdagi  Rossiya harbiy bazalari taqdiri Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan keyin muvhum bo‘lib turgan edi. Aynan ushbu uchrashuvda bu masalalar haqida kelishuvga erilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Ayni damda Rossiyanig Suriya hududida Latakiya viloyatidagi Hmeymin havo bazasi, O‘rtayer dengizidagi Tartus dengiz bazasi mavjud bo‘lib, Qamishli aeroportiga ham harbiylarni joylashtirgan. Bu o‘rinda Rossiyani O‘rtayer dengizi bilan bog‘lovchi Tartus bazasi alohida ahamiyatlidir. O‘rtayer dengizida Rossiyaning mavjudligini saqlab qolish har doim rus hukumatining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib qoladi.

Shu bilan birgalikda Suriya foydali qazilmalarga ham boy hudud hisoblanadi. Neft va gaz konlariga ega bo‘lgan ushbu hudud Rossiya manfaatlariga xizmat qilamasa, “dushmanlar” foydasiga ishlashini bilgan Putin hukumati bu hududda iloji boricha mustahkam o‘rnashishni istaydi.

Bundan tashqari, Suriya Rossiyani Yaqin Sharqda o‘z ta’sirini saqlab qolish uchun alohida muhim yer deb hisoblanaydi. Ushbu  hududda AQSHning “etagiga osilib olgan” Isroil borligini hisobga olsak, Suriyada Rossiya bazalarining mavjud bo‘lishi bu yerdagi kuchlar muvozanatini taminlaydi.

Rossiyaning keyingi harakatlari

Ushbu uchrashuvning tashkil etilishi, Rossiyaning Suriya bilan kelgusidagi munosabtlari haqida pragnoz qilishga yordam beradi. Ikki o‘rtada bo‘lgan iliq suhbat va endi buyruq emas, taklif beruvchi pozitsiyasiga o‘tgan Rossiyaning keyingi harakatlarida Suriya bilan yaqinlashuv bo‘lishi kutilmoqda. Butun G‘arb olami Rossiyaa qarshi sanksiyalar e’lon qilgan bir paytda rus hukumatiga bugun ittifoqchilar har qachongidanda zarur.

Ozarbayjondan uzr so‘ragan Putin endi Ahmad ash-Sharaning ham barcha takliflariga rozi bo‘lishi, uni qo‘llab-quvvatlashi ehtimoli katta. Suriyadan qandaydir harbiy qo‘llov kutish, albatta, noto‘gri, ammo iqtisodiy tarafdan Suriya Rossiyaga oyoqqa turishga yordam berishi mumkin. Hech bo‘lmaganda dushman bo‘lgandan ko‘ra, do‘st bo‘lgan afzal qabilida harakat qilayotgan Rossiya endi Suriyaga ham kerak vaqtida yon berishga tayyor.

Berilgan va’dalar, kelishilgan shartlarni Rossiya qay darajada amalga oshirishi boshqa masala. Buni barchasini, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Ammo Rossiyada Suriyadagi hokimiyatni qo‘llash juda qimmatga tushgani borasida yaxshi tajriba bor. Putin o‘tgan yillar mobaynida Asadni “taxt”da saqlab qolish uchun rossiyalik soliq to‘lovchilarning milliardlarini Damashq tomonga oqizib yubordi. 

Eski rejim uchun Moskva tomonidan sarlaflangan mablag‘larni hisoblashda 10 xonalik sonlar ham yetmasligi mumkin. Masalan, Rossiya 2015 yil 30 sentyabrdan boshlab Asad iltimosiga binoan Suriyada harbiy intervensiyani boshladi. O‘sha yilning oktyabr oyi oxiriga kelib esa ushbu amaliyotning xarajatlari to‘g‘risida taxminiy raqamlar yuzaga chiqa boshladi. Ularda keltirilishicha, Rossiya o‘sha paytda har 24 soat ichida Suriyadagi harbiy amaliyot uchun naqd 4 million dollar sarflayotgandi. Havo hujumlari, ta’minot, infratuzilma va quruqlikdagi xodimlar, ularni rag‘batlantirish va boshqa barcha xarajatlar kuniga 4 million dollarga tushayotgandi. Rossiyaning bunday faol harbiy aralashuvi 2017 yilning oxirigacha davom etgan.

Ammo bu xarajatlarni Suriyaning hozirgi holati bilan solishtirib bo‘lmaydi. Negaki, endi mamlakatda fuqarolik urushi ketmayapti. Ko‘plab qurolli bo‘lginchilar ash-Shara atrofida birlashishga birin-ketin rozi bo‘lmoqda. Yaqinda eng yirik ayirmachi – kurdlar boshchiligidagi kuchlar rasmiy Damashq bilan birlashishga tayyorligi haqida xabarlar chiqdi. Bu kuchlar hatto “poytaxt”i Ar-Raqqa bo‘lgan alohida “davlat”ga ham asos solib olgani ko‘pchilikka ma’lum. 

Bu sharoitda esa Rossiyaning Suriyaga amaliy yordami faqat xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish, xususan, razvedka ma’lumotlari ta’minoti hamda boshqa tajribalar almashinuvi orqali berilishi mumkin. Vayron bo‘lgan infratuzilmalarni tiklashda yordam qo‘lini cho‘zish ehtimoli haqida esa hali hech qanday gap-so‘z yo‘q. Agar Rossiya bu sohada ham Damashqqa qandaydir ko‘mak taklif qilsa, buni yordam emas, balki bundan 10 yil oldin o‘zi tomonidan yo‘q qilingan uylar va buzilgan ob’ektlarni qayta tiklash deb malakalash mumkin. To‘g‘ri, o‘shanda Rossiya terrorchilarni yo‘q qilish uchun bu harbiy amaliyotni o‘tkazgan. Ammo Moskvaning bir necha yillar davomida Suriyada olib borgan bombardimonlari xo‘lu quruqni birdek yoqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Suriya Turkiya Putin SSSR Bashar Asad Kreml Damashq Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing