Toshkentda Tojikiston elchixonasining yangi binosi ochildi
Jamiyat
−
26 mart 3543 2 daqiqa
Bugun, 26 mart kuni Tojikiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatning Toshkent shahridagi elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon ramziy tasmani kesib, diplomatik vakolatxonaning yangi binosini tantanali ravishda ochgan.

Yetakchilar elchixona va konsullik bo‘limining ma’muriy binolari, elchi qarorgohi, diplomatlar va ularning oila a’zolari uchun turarjoylarni o‘z ichiga olgan majmuani ko‘zdan kechirgan.


Marosim yakunida Prezidentlar Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib, diplomatik vakolatxona hududiga daraxt ekkan.


“Ushbu tadbir O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi xabarda.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Shuningdek, ikki davlat yetakchilari yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. O‘zbekiston – Tojikiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘ldi.
Live
Barchasi