Toshkentda uyida narkotik qadoqlab sotgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
24 yanvar 2005 2 daqiqa
Toshkentda o‘z uyida giyohvandlik vositalarini qadoqlab sotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt IIBB va Davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan fuqaro Sh. ismli shaxsning uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda turli giyohvandlik moddalari topilgan. Xususan, oshxonadagi shkafdan 82 dona gugurt qutisi ichida, paketda, 60 dona kichkina bo‘lingan gugurt qutisida hamda muzlatkichning past qismidan paketga o‘ralgan 10 dona qora hamda 90 dona kichkina skotch bo‘laklariga o‘ralgan, ichida qora shilimshiq modda topilgan.
Bundan tashqari, 20 ta paket ichida plastilinsimon jigarrang o‘tkir hidli modda ham topilgan. Fuqaro ularni alohida qadoqlab, sotish maqsadida tayyorlagan. Tekshirish jarayonida 4 dona tarozi ham topilgan. Ushbu xonadondan miqdori 2 milliard 29 million so‘mga teng bo‘lgan jami 3 kilogramm 755 gramm giyohvandlik vositalari aniqlanib, aholi orasida 18 ming 755 dona qadoqdagi og‘u tarqalishining oldi olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi qozon va cho‘mich yordamida giyohvandlik vositalarini tayyorlab, tarozida o‘lchab, alohida-alohida qilib qadoqlagan. Daliliy ashyolar dalolatnomalar asosida olinib, Ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga topshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi tanlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olingan edi.
Live
Barchasi