Toshkentda yerni pullashga uringan mansabdorlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlari bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius yordamchisi 1980 yilda tug‘ilgan rieltor va 1996 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan.

Ular Chirchiq shahrida joylashgan va ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MCHJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini fuqaroga 6 mln 800 ming AQSH dollariga sotish hamda ushbu hududga elektr, gaz ta’minoti, oqova suv yo‘llarini o‘tkazish uchun texnik shart va ruxsatnomalar, shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga 500 ming AQSH dollari, jami 7 mln 300 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 160 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi "a" bandi va 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (pora berish), 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Toshkent shahrida yashovchi 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro 2022 yilning oktyabr oyida maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish maqsadida Yashnobod tumanida joylashgan 80 m² yer maydonini "E-auksion" dasturi orqali yutib, 49 yil muddatga ijaraga olgan.

Ammo turli sabablarga ko‘ra, qurilish ishlari to‘xtab qolib, yer maydonidan uzoq muddat davomida foydalanilmagani bois, 2025 yilning sentyabr oyida Yashnobod tumani hokimligi tomonidan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish bo‘yicha fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Lekin tadbirkor tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilgach, sud uning foydasiga hal qiluv qarori qabul qilgan.

Sud jarayonlarida da’vogar sifatida qatnashgan Yashnobod tumani hokimligi bosh yuriskonsulti esa o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslik evaziga tadbirkordan 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokimlik bosh yuriskonsulti tamagirlik yo‘li bilan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi "v" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sudya pora bilan ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent DXX Chirchiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing