Tojikiston G‘azoga yordam jo‘natdi

Olam

image

8 fevral kuni Tojikiston hukumati va xalqidan G‘azodagi muhtoj aholiga yuborilgan gumanitar yordam partiyasi yetkazildi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

“8 fevral kuni kechqurun 6 ta yuk mashinasidan iborat kolonna, ichida oziq-ovqat mahsulotlari, issiq kiyim-kechak, chodirlar va suv o‘tkazmaydigan plyonka bo‘lgan yordam G‘azoga yetkazildi”, deyiladi xabarda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yuk mashinalari Misr–Falastin chegarasidagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tgan va bu jarayonda Misrdagi Tojikiston elchisi hamda xayriya tashkilotlari vakillari ishtirok etgan.

Ta’kidlanishicha, Tojikiston G‘azodagi mojaroning ilk kunlaridan boshlab aholi uchun doimiy ravishda gumanitar va moliyaviy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 6 fevral kuni matbuot anjumanida G‘azoga gumanitar yordam jo‘natilganini ma’lum qilgan.

U shuningdek, 2025 yilning yanvarida Tojikiston boshqa bir qator davlatlar bilan hamkorlikda G‘azodagi aholiga 200 tonna bug‘doy uni yuborganini eslatgan.

Vazirning ta’kidlashicha, Tojikistonning G‘azo masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmagan, mamlakat mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni izchil qo‘llab-quvvatlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2 fevral kuni G‘azoning tashqi dunyoga chiqish darvozasi hisoblangan Rafah chegara punkti ikki yillik tanaffusdan so‘ng qisman qayta ochilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston G'azo yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing