Tojikistonda kon portlashi oqibatida 6 afg‘onistonlik halok bo‘ldi
Olam
−
06 noyabr 3796 2 daqiqa
Tojikistonning Sug‘d viloyatidagi Ayniy tumanida joylashgan ko‘mir konida sodir bo‘lgan portlash oqibatida olti nafar afg‘onistonlik ishchi halok bo‘ldi. Portlash vaqtida ishchilarning barchasi kon ichkarisida bo‘lgan. Bu haqda “Tasnim News” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hozirda halok bo‘lganlarning jasadlarini vayronalar ostidan chiqarish ishlari olib borilmoqda. Ularning ismlari e’lon qilinmagan, biroq ma’lum qilinishicha, ularning besh nafari Afg‘onistonning Daykundi viloyatidan, biri esa G‘ur viloyatining Lali Sari Jangal tumanidan bo‘lgan.
“Af.shafaqna.com”ning aniqlik kiritishicha, hodisa joriy yilning 3 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Tojikiston rasmiylari hozircha bu fojia yuzasidan izoh bermagan.
“Tasnim News” ma’lumotiga ko‘ra, Tojikistondagi ko‘mir konlarida yuzlab Afg‘oniston fuqarolari mehnat qiladi. Joriy yilning may oyida Sug‘d viloyatidagi boshqa bir konda ham shunga o‘xshash hodisa ro‘y bergan, oqibatda sakkiz nafar afg‘on ishchisi halok bo‘lgan. “Etilaatroz” nashri o‘sha paytda halok bo‘lganlarning suratlari va ismlarini e’lon qilgan, ularning barchasi Daykundi viloyati aholisi ekani ma’lum qilingan. Nashr manbasiga ko‘ra, portlash 9 may kuni tush paytida Ayniy tumanidagi konlardan birida sodir bo‘lgan bo‘lib, sabab sifatida kon ichida gaz to‘planishi ko‘rsatilgan.
Xabarda aytilishicha, halok bo‘lganlarning jasadlari 10 may kuni ertalab Afg‘onistonga olib ketilgan. O‘sha paytda ham Tojikiston rasmiy idoralari bu voqeani tasdiqlamagan va izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara hududida Tojikiston chegarachilari hamda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgandi.
Live
Barchasi