Tramp Eron taklifidan norozi – OAV
Olam
−
09:08 4121 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron tomonidan urushni yakunlash bo‘yicha ilgari surilgan taklifdan norozi ekanini bildirdi. Bu haqda amerikalik amaldorga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Trampga taklif yoqmagan, chunki unda Eronning yadro dasturi masalasi umuman ko‘rib chiqilmagan. CNN ham o‘z manbalariga tayanib, AQSH rahbari bu rejani qabul qilishi ehtimoli past ekanini bildirgan.
Amerikalik rasmiylarning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozini ochish masalasi yadro dasturi, xususan, uranni boyitish va zaxiralar bilan bog‘liq muammolar hal etilmasdan turib ko‘rib chiqilsa, bu AQSH uchun muzokaralardagi asosiy bosim vositasini yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, bo‘g‘oz blokadasining davom etishi energiya narxlarining yuqori bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Tramp keyingi qadamlar borasida hali aniq qarorga kelmagan. AQSH rasmiylari Eron ichida qaror qabul qilish masalasida ham yakdillik yo‘qligidan xavotirda.
Avvalroq,Tehron AQSHga urushni to‘xtatish va Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumlarni bekor qilishni taklif qilgan edi. Buning evaziga Eron AQSH blokadasini bekor qilish va yadro muzokaralarini keyinroqqa qoldirishni so‘ragan.
“Axios” ma’lumotiga ko‘ra, Eron rahbariyatida ham yadro masalasida qanday murosaga borish bo‘yicha yakdil pozitsiya yo‘q.
Manbalarga ko‘ra, Pokiston vositachiligida tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda, hatto to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar bo‘lmaganiga qaramay.
Oq uy vakili Oliviya Uells esa muzokaralar juda nozik jarayon ekanini bildirib, AQSH ularni ommaviy axborot vositalari orqali muhokama qilmasligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, har qanday kelishuv faqat AQSH manfaatlariga mos kelgan taqdirdagina amalga oshadi va Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak.
Shuningdek, Tramp ilgari maxsus vakil Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Pokistonga navbatdagi muzokaralar uchun safarini bekor qilgan. U bu qarorni Eron tomonidan yetarlicha aniq va maqbul taklif berilmagani bilan izohlagan.
Live
Barchasi