Tramp Maduroning kuni yana bir davlat yetakchisining boshiga tushishini aytdi
Olam
−
05 yanvar 13587 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kolumbiya yetakchisi Gustavo Petroni giyohvand moddalar ishlab chiqarishda aybladi va uni ag‘darish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmadi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 4 yanvar kuni jurnalistlar bilan Air Force One samolyoti bortidagi suhbat chog‘ida so‘z ochdi.
Tramp Kolumbiya uchun ham yaqinda Venesuela prezidenti bilan sodir bo‘lganiga o‘xshash ssenariy takrorlanishi mumkinligini inkor etmagan.
“Kolumbiya ham juda og‘ir ahvolda, uni kokain ishlab chiqarishni va uni AQSHga sotishni yoqtiradigan kasal odam boshqaryapti va u bu ish bilan uzoq shug‘ullana olmaydi”, degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning vazifasi – atrofida “hayotga layoqatli va muvaffaqiyatli davlatlar yig‘ishi kerak. Shu bilan birga, u yerlarda Amerika erkin neft qazib olishi lozim.
“Bu yaxshi. Bu narxlarni tushiradi. Bu mamlakatimiz uchun foydali”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Shuningdek, Trampdan bu gaplar Kolumbiyaga qarshi operatsiya ehtimolini anglatadimi, deb so‘ralganda, u: “Yomon eshitilmaydi”, deb javob bergan.
Ko‘p o‘tmay Gustavo Petro X ijtimoiy tarmog‘ida post e’lon qilib, Trampning so‘zlarini rad etgan.
“Kolumbiyada sud hokimiyati menga bo‘ysunmaydi, u mendan mustaqil va asosan muxolifatimiz tomonidan nazorat qilinadi. Agar siz mafiya va kokain savdosi haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, Kolumbiya sud arxivlariga qarashingiz kifoya. Shu sababli Trampning bayonotlarini qat’iyan rad etaman: so‘nggi 50 yil ichida, na o‘tmishda, na hozir, mening ismim giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq birorta sud ishida tilga olinmagan. Menga tuhmat qilishni bas qiling, janob Tramp. Qurolli kurashdan, keyin esa Kolumbiya xalqining tinchlik uchun kurashidan chiqqan Lotin Amerikasi Prezidenti bilan bunday ohangda gapirib bo‘lmaydi”, deya yozgan Petro.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Karakasda portlashlar sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng, Donald Tramp AQSH keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qilgan edi. AQSH ularni “narkoterrorizm”da ayblagani xabar qilingan. Ayblanuvchilar orasida Maduroning o‘zi va rafiqasidan tashqari o‘g‘li – kichik Nikolas Maduro ham borligi aytildi.
Keyin AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington tomonidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi ortidan Kuba hukumatini ham “ulkan muammo” deb atagan.
Live
Barchasi