Tramp musulmon yetakchilar bilan G‘azo haqida gaplashdi (video)

Olam

image

AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida AQSH Prezidenti Donald Tramp sakkizta musulmon va arab mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Iordaniya Qiroli Abdulla II, Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon Ol Saud, Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto, BAA Tashqi ishlar vaziri sheyx Abdulloh bin Zayd Ol Nahayon, Misr Bosh vaziri Mustafo Madbuli va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ishtirok etgan.

Tramp yig‘ilishni “eng muhim uchrashuv” sifatida baholagan.

“Biz G‘azodagi urushga barham berishni istaymiz. Buni hoziroq tugatishimiz mumkin”, degan u jurnalistlarga.

Tramp, shuningdek, Prezident Subiantoning nutqini yuqori baholab, barqaror tinchlikka erishish uchun Isroil xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan.

50 daqiqa davom etgan muzokaralarda asosiy e’tibor G‘azo va Yaqin Sharqdagi vaziyatga qaratilgan.

AQSH OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp arab va musulmon davlatlariga G‘azoga qo‘shin yuborish, Isroilning chiqib ketishini ta’minlash hamda tiklanish va boshqaruv jarayonlariga moliyaviy hissa qo‘shish rejasini taklif etgan.

Uchrashuv davomida musulmon davlatlari yetakchilari o‘z taklif va qarashlarini bildirgan, biroq yagona reja e’lon qilinmagan.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va uning o‘rinbosari Ishoq Dar Tramp bilan alohida muloqot o‘tkazgan. Erdo‘g‘an esa AQSH Prezidenti bilan muloqotni ijobiy baholagan.

Shuningdek, Shahboz Sharif Quvayt voris shahzodasi shayx Saboh Xolid Ol Muborak as-Saboh va Avstriya kansleri Kristian Shtoker bilan uchrashgan. U Saudiya Arabistonining milliy bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Ar-Riyodning iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashini Pokiston barqarorligi uchun muhim omil sifatida qayd etgan.

Sharif Saudiya bilan do‘stona munosabatlar islomiy qiymatlar, tarix va ishonchga asoslanganini ta’kidlab, safar davomida ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor etgan.

Uchrashuv yakunida Shahboz Sharif Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 sentyabr Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zga chiqib, G‘azodagi vaziyatni keskin qoralagandi va mamlakatlarni Falastinni tan olishga chaqirgandi. Erdo‘g‘an G‘azodagi ochlikdan aziyat chekayotgan ayollar va bolalarning suratlarini ko‘rsatib, sodir bo‘layotgan genotsid “jonli efirda namoyish etilayotganini” aytgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an N'yu-York G'azo Abdulla II

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing