Tramp Saudiyaga F-35 samolyotlarini sotmoqchi (video)
Olam
−
18 noyabr 2062 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 17 noyabr kuni Oq uydagi Oval kabinetda jurnalistlar bilan suhbatda mamlakatda ishlangan F-35 harbiy samolyotlarini Saudiya Arabistoniga sotish rejasi borligini ma’lum qildi.
“Men ayta olamanki, biz buni qilamiz. Biz F-35larni sotamiz”, dedi Tramp muxbirlarga.
AQSH Prezidenti bugun, 18 noyabr kuni Oq uyda Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonni bir kunlik diplomatik uchrashuv uchun qabul qiladi. Bu sotuv esa AQSH siyosatidan jiddiy chekinishni anglatardi, chunki u Yaqin Sharqda harbiy muvozanatni o‘zgartirishi va Vashingtonning Isroilning “sifat jihatidan ustun harbiy imkoniyati”ni saqlash haqidagi mezonlarini sinovdan o‘tkazishi mumkin.
“Reuters”ning oy boshida xabar berishicha, Saudiya Arabistoni 48 tagacha F-35 xarid qilishni so‘ragan – valiahdning tashrifi oldidan milliardlab dollarlik potensial shartnoma Pentagonning asosiy bosqichlaridan o‘tgan. Saudiyaliklar Lockheed Martin kompaniyasining bu uchog‘iga uzoq yillardan beri qiziqib keladi. “Reuters”ga ko‘ra, Tramp nutqidan oldin Oq uyning yuqori martabali amaldoriyasi Prezident valiahd bilan shu uchoqlar haqida gaplashmoqchi ekanini aytib: “Shundan keyingina qaror qabul qilamiz”, degan.
AQSH qurollarining eng yirik xaridori bo‘lgan Saudiya Arabistoni bir necha yildirki o‘z havo kuchlarini zamonaviylashtirish va mintaqaviy tahdidlarga, ayniqsa, Eronga qarshi turish uchun ushbu uchoqni olishga intilib keladi. Podshohlikning ikki eskadrilyaga teng bo‘lgan yangi sa’y-harakatlari Tramp ma’muriyatining Ar-Riyod bilan mudofaa hamkorligini kengaytirishga ochiqligini bildirayotgan bir vaqtda amalga oshmoqda. Saudiya Havo kuchlari hozirda Boeing, F-15, European Tornado va Typhoon kabi turli jangovar uchoqlarda parvoz qiladi.
Saudiya Arabistoni bu yil boshida F-35larni xarid qilish bo‘yicha Trampning o‘ziga bevosita murojaat qilgan.
“Pentagonning siyosiy departamenti ushbu ehtimoliy kelishuv ustida bir necha oy ishladi”, degan “Reuters”ga maxfiylik sharti bilan gapirgan AQSH rasmiylari.
AQSH Yaqin Sharqqa qurol sotishda Isroilning “sifat jihatidan ustun harbiy imkoniyati”ni ta’minlash mezonini qo‘llaydi. Bu Isroilga mintaqadagi arab davlatlariga nisbatan AQSHning eng ilg‘or qurollarini berish kafolatini anglatadi.
Stels texnologiyasi bilan jihozlangan, dushman radarlaridan qocha oladigan F-35 dunyodagi eng ilg‘or jangovar uchoq hisoblanadi. Isroil bu uchoqlardan deyarli o‘n yildan beri foydalanib, bir nechta eskadrilya tuzgan va hozircha Yaqin Sharqda ushbu tizimga ega yagona davlat bo‘lib qolmoqda.
F-35 masalasi kengroq diplomatik sa’y-harakatlar bilan ham uzviy bog‘langan. Bundan avval Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoniga F-35 berishni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni o‘z ichiga olgan keng qamrovli kelishuvning bir qismi sifatida ko‘rib chiqqan, ammo bu harakatlar natija bermagan.
Kongress nazorati esa ehtimoliy F-35 sotuviga to‘siq bo‘lishi mumkin. Qonun chiqaruvchilar 2018 yilda saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi qatlidan keyin Ar-Riyodga qurol sotish masalasini tanqid qilgan va ayrim Kongress a’zolari podshohlik bilan harbiy hamkorlikni kuchaytirishga hali ham shubha bilan qaraydi.