Tramp o‘z sharafiga 76 metrlik zafar arkasini qurmoqchi
Olam
−
11:44 1964 2 daqiqa
AQSH Nafis san’at komissiyasiga balandligi 76 metr bo‘lgan zafar arkasini qurish rejasi taqdim etildi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
U bo‘lajak yodgorlikni “butun dunyodagi eng buyuk va eng go‘zal zafar arkasi” deb atagan. Agar loyiha amalga oshirilsa, ushbu arka dunyodagi eng yirigiga aylanadi. U balandligi 50 metrdan sal kamroq bo‘lgan Parijdagi Zafar arkasini, shuningdek, Mexikodagi Inqilob yodgorligini (67 metr) va Pxenyandagi Zafar arkasini (60 metr) sezilarli darajada ortda qoldiradi.
Donald Trampning fikricha, inshoot AQSH poytaxti me’morchiligiga “ajoyib qo‘shimcha” bo‘ladi va amerikaliklarni ko‘plab o‘n yilliklar davomida xursand qiladi.
Loyihaga ko‘ra, arka Ozodlik haykalini eslatuvchi zarhal figura, ikki yonida ikkita burgut va asosida to‘rtta sher bilan bezatiladi. Shuningdek, inshootda “Xudo panohidagi yagona millat“ va “Barcha uchun ozodlik va adolat”(AQSH bayrog‘iga sodiqlik qasamyodidan olingan satrlar) degan oltin yozuvlarni joylashtirish rejalashtirilgan. Arka Potomak daryosi sohilida, Linkoln memorialining ro‘parasida va Arlington qabristoni yaqinida qurilishi ko‘zda tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHda Donald Tramp tasviri tushirilgan esdalik tangasi chiqarilishi haqida xabar berilgan edi. Nafis san’at komissiyasi Oq uyning amaldagi rahbari tasvirlangan tanga dizaynini ma’qullagan.
Live
Barchasi