Trampning kuyovi Isroilda: G‘azoda sulh jarayoni murakkablashmoqda
Tahlil
−
11 noyabr 3067 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner kecha, 10 noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashdi. Uchrashuv G‘azo bo‘yicha ikki yillik vayronkor urushdan keyin tuzilgan otishmani to‘xtatish kelishuvining ikkinchi, ancha murakkab bosqichi arafasida bo‘lib o‘tdi.
Kun tartibida – tunnellarda qamalgan HAMAS jangchilari taqdiri bo‘ldi. Bu masala Tramp rejasi doirasidagi tinchlik jarayoni uchun sinov nuqtasiga aylangan.
Sinovli vaziyat
Isroil hukumatining ma’lum qilishicha, Kushner va Netanyaxu muzokaralarda HAMASni qurolsizlantirish, G‘azoni demilitarizatsiya qilish va bu guruhning mintaqada yana hokimiyatga kelmasligini ta’minlash masalalarini muhokama qilgan.
10 noyabr kuni Knessetda so‘zlagan Netanyaxu “G‘azo qurolsizlantiriladi – yo oson yo‘l bilan, yo qiyin yo‘l bilan”, deb ta’kidladi.
Uchrashuv tafsilotlariga xabardor rasmiyning ma’lum qilishicha, muzokaralarda ikki asosiy yo‘nalish – qamalgan jangchilar taqdiri va G‘azoda xalqaro barqarorlashtirish kuchini joylashtirish rejasi muhokama qilingan.
Hozirgi paytda Isroil armiyasi nazoratidagi Rafah hududi ostidagi tunnellarda taxminan 200 nafar HAMAS jangchisi bor. HAMAS ularni xavfsiz qo‘yib yuborishni talab qilmoqda, ammo Isroil bu taklifni rad etmoqda.
AQSH va mintaqa davlatlari ustidan nazorat
Isroil hukumati vakillari ta’kidlashicha, G‘azo bo‘yicha barcha qarorlar Tramp ma’muriyati bilan hamkorlikda qabul qilinmoqda.
AQSHning mintaqaviy vakili Stiv Uitkoff o‘tgan hafta “qamalgan jangchilarga qurolsizlanish evaziga xavfsiz yo‘l berish masalasi keng sulh rejasining kelgusidagi bosqichlari uchun sinov sifatida ko‘rilayotganini” aytgan.
Biroq ikki G‘arb diplomatining bildirishicha, Isroil HAMAS jangchilariga hech qanday “chiqish yo‘li” bermaslik tarafdori – na G‘azoning boshqa hududiga, na Misrga.
HAMAS va mediatorlar pozitsiyasi
HAMAS rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davom etmoqda. U guruh “Isroilga sulhni buzish uchun bahona bermaslikka” intilayotganini aytdi, biroq jangchilar taslim bo‘lishini rad etdi.
Boshqa falastinlik manbaning ma’lum qilishicha, vositachilar jarayonni tezlashtirgan, chunki jangchilarni majburan taslim qilishga urinish butun otishmani to‘xtatish kelishuvini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Kelgusi bosqichlar
Kelishuvning keyingi bosqichlariga muvofiq, G‘azo uchun HAMASsiz o‘tish boshqaruv organini tuzish, xalqaro barqarorlashtirish kuchini shakllantirish va uning vakolatlarini belgilash, shuningdek, qurolsizlantirish va qayta tiklanish masalalari muhokama qilinadi.
Bu jarayonning har bir elementi HAMAS yoki Isroil tomonidan qarshilikka uchrashi ehtimoli katta. Xalqaro kuchlarning joylashishi uchun BMT mandati talab qilinishi mumkin.
Boshqa tomondan, BAA hozircha “hech qanday aniq mexanizm ko‘rmayotganini” bildirdi va hozirgi sharoitda “bu kuch tarkibida ishtirok etmasligini” ma’lum qildi.
Har ikki tomon bir birini sulhni buzganlikda ayblamoqda
9 noyabr kuni HAMAS 10 yildan ortiq vaqt oldin G‘azoda halok bo‘lgan isroillik harbiyning jasadini qaytardi. Bu bilan Falastin hududida hanuz to‘rt nafar garovga olinganlarning jasadlari qolmoqda – ularni olib chiqish imkoni bor-yo‘qligi hozircha noma’lum.
Sulh kelishuviga ko‘ra, HAMAS G‘azoda qolgan barcha 28 nafar garovdagi shaxsning jasadini topshirishi kerak edi. Biroq Isroil rasmiylari guruh ulardan kamida uchtasini topishda qiynalishi mumkinligini tan oldi. Bu jarayonga xalqaro ishchi guruh yordam berishi kutilmoqda.
Isroil va HAMAS oktyabr oyida tuzilgan otishmani to‘xtatish kelishuvini buzganlikda bir-birini ayblamoqda. Isroil tomoni HAMASni garovdagilarning jasadlarini qaytarishni cho‘zmoqda, deb hisoblaydi. HAMAS esa Isroilni gumanitar yordam yetkazib berishni to‘sishda ayblamoqda.
Mahalliy sog‘liqni saqlash idoralarining ma’lumoticha, otishmani to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvdan beri G‘azoda Isroil havo hujumlari oqibatida 244 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
So‘nggi ikki kun ichida Rafah hududida falastinlik qurollilar tomonidan Isroil kuchlariga qarshi ikki marta halokatli hujum sodir etilgani xabar qilindi.
10 noyabr kuni G‘azo janubidagi havo hujumi oqibatida ikki falastinlik, jumladan bir bola halok bo‘ldi. 9 noyabr kuni esa yana bir kishi Isroil harbiy hujumida nobud bo‘lgan.