Turkistonda otishma sodir bo‘ldi. Qurbon va yaralanganlar bor
Olam
−
04 noyabr 11690 1 daqiqa
Joriy yilning 2 noyabriga o‘tar kechasi Qozog‘istonning Turkiston viloyati Tulkibosh tumanida sodir bo‘lgan otishma oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi jarohat oldi. Bu haqda viloyat politsiya departamentiga tayanib, “Zakon.kz” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, 2 noyabr kuni Ko‘kterek qishlog‘ida o‘qotar qurol ishlatilgan qurolli hujum sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 17 yoshli yigit halok bo‘lgan, 22 va 30 yoshli ikki kishi esa jarohat olgan.
“Voqea joyiga tuman politsiya bo‘limi rahbariyati hamda tergov-tezkor guruhi zudlik bilan yetib bordi. Tezkor chora-tadbirlar davomida gumonlanuvchilarning shaxsi qisqa fursatda aniqlangan. Ulardan biri qo‘lga olinib, vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan “qotillik” moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Voqea tafsilotlarini to‘liq aniqlash va ikkinchi ishtirokchining joylashuvini aniqlash uchun tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni Turkiston viloyati politsiya departamenti rahbariyatining alohida nazoratida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiyaning Krit orolida yuz bergan otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi, yana 10 kishi jarohat olgandi. Hodisa oilaviy adovat ortidan sodir bo‘lgan.
Live
Barchasi