Erdo‘g‘an xafami yoxud TDTning Gabala sammiti nega imi-jimida o‘tdi

Tahlil

Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining ilk rasmiy sammiti joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida olingan qarorlar ortidan Markaziy Osiyoning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo 3 davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi Turkmanistonni boshi berk ko‘chaga tiqqanidan keyin 6-7 oktyabr kunlari Ozarbayjonning Gabala shahrida nisbatan imi-jimida o‘tkazildi. 

Yodingizda bo‘lsa, Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo –  Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslikka kelishib olgandi. 

Gap shundaki, birinchi “Markaziy Osiyo –  Yevropa Ittifoqi” sammit yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso tomonidan qabul qilingan bayonotning 4-bandida barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan.

Unda BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqlik, mintaqaviy hamkorlik tuzilmalari doirasida ishtirok etishda ushbu xalqaro tamoyillarga rioya qilinishi tasdiqlangan. Hujjatda Turkmaniston o‘zining xalqaro majburiyatlarini doimiy betaraflik maqomi tamoyillariga qat’iy muvofiq amalga oshirishini eslatgan. 

Ushbu ikki rezolyutsiya Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqilligini tan olmaslik va ushbu hudud bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Bugungacha esa faqatgina Turkiya Shimoliy Kipr Turk Respublikasini diplomatik tan olgan yagona davlat sifatida qolmoqda.

Tojikistondan boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkilotida a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega mamlakatlar – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston (a’zolar), Vengriya va Turkmaniston (kuzatuvchilar) Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotda kuzatuvchi sifatida ko‘rib keladi. SHKTR 2022 yilning noyabr oyida Samarqandda o‘tgan sammitda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qistovi bilan tashkilotda kuzatuvchi maqomini olgan va u bilan bir davrada jam bo‘ladi. 

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning Yevropa Ittifoqi bilan Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va har qanday shaklda hamkorlik qilmaslik to‘g‘risidagi hujjatni imzolashi Turkiyada katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Hatto, ayrim siyosatchilar Hukumatni bu harakatni tarsaki sifatida qabul qilib, aloqalarni to‘xtatishga chaqirdi. Erdo‘g‘an Hukumati esa bu chaqiriqlarni tinglamadi, ammo munosabatlar qanday bo‘lsa, shundayligicha saqlanib qoldi, deyish qiyin. 

Masalan, Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tgan yetti oy davomida 2 marta telefon muloqotini o‘tkazgan. Undan biri “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” sammiti oldidan, 30 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Xuddi shu kuni Erdo‘g‘an To‘qayev, Japarov va Turmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga ham qo‘ng‘iroq qilgan. Erdo‘g‘anning Mirziyoyev, To‘qayev, Berdimuhamedov bilan keyingi telefon suhbatlari esa ularning tavallud kunlari munosabati bilan bo‘lgan. 

Oxirgi yetti oy ichida Erdo‘g‘an Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan faqat Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi, xolos. U ham bo‘lsa To‘qayevning 20-30 iyul kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi bilan bog‘liq. O‘shanda Erdo‘g‘an To‘qayevga katta hurmat ko‘rsatdi, unga oliy davlat nishonini topshirdi. 

Boshqa davlatlar rahbarlari bilan esa bugungacha hech qanday ikkilik uchrashuvlar o‘tkazilmadi. Holbuki, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ortidan 20-21 may kunlari Yevropaning yuragi sanalmish Budapesht shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti o‘tkazildi. O‘shanda ham Erdo‘g‘an biror davlat rahbari bilan ikkilik muloqot o‘tkazmadi. Holbuki, o‘shandan buyon 3-4 iyul kunlari Xonkendida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti, sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 80-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Ammo Erdo‘g‘an Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston rahbarlari bilan uchrashib, muloqot qilgani haqida ma’lumot mavjud emas. 

6-7 oktyabr kunlari Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ham Prezidentlarning yakkama-yakka uchrashuvi bo‘lmadi. Hatto, bu safargi sammit avvalgilariga qaraganda ancha sokin o‘tdi. Unda an’anaga ko‘ra, yumshoq kuchlar – mamlakatlar birinchi xonimlari ishtirok etmadi. Holbuki, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an o‘rtasida iliq munosabatlar mavjud. Ular so‘nggi bor BMT yubiley sessiyasi doirasida Nyu-Yorkda ko‘rishdi. 

Turkiy davlatlar tashkilotining Davlat rahbarlari kengashining Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan 12-sammitiga kelsak, unda a’zo davlatlar rahbarlari Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, kuzatuvchi davlatlardan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidenti Ersin Tatar ishtirok etdi. 

Avvalgi sammitlarning norasmiy tadbirlarida prezidentlarning bir-birini quchoqlayotgani, samimiy suhbatlashayotgani, qo‘lini mahkam siqib turgani aks etgan suratlar tarqalardi. Ayniqsa, Mirziyoyev va Erdo‘g‘an o‘rtasida. Bu galgi sammitda bunday suratlarni ko‘rish mumkin emas. Albatta, tabassum bor, ammo... Faqat bir surat e’tiborni tortadi. Bu ham bo‘lsa davlat rahbarlari uchun yozilgan dasturxon. Unda Shimoliy Kipr Turk respublikasi Prezidenti Ersin Tatar Shavkat Mirziyoyevning chap tomonida, Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev esa o‘ng tomonidan joy olgan. Erdo‘g‘an esa Viktor Orban va Qozog‘iston rahbari bilan Mirziyoyev, Aliyev va Tatar uchligining qarshisida o‘tiribdi.

Sammitdagi yana asosiy jihatga to‘xtalsak, unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvida Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslik to‘g‘risida band mavjud bo‘lgan hujjatni imzolaganiga qaramay, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti bilan bir davrada to‘plandi. Bu Yevropa Ittifoqi bilan hujjat imzolanganidan buyon uchinchi katta yig‘in. Ersin Tatar bilan faqat Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevgina yakkama-yakka muloqot o‘tkazgan. 

Aslida Ilhom Aliyevning ham Ersin Tatar bilan yakkama-yakka uchrashuvlari silsilasi uzoqqa borib taqalmaydi. Bugungacha o‘tkazilgan jami 4 uchrashuvning birinchisi bundan ikki yil avvali, 2023 yilning 14 oktyabrida o‘tgan edi. Chunki Ozarbayjon Shimoliy Kiprni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab keladigan Turkiya bilan qanchalik yaqin bo‘lmasin, Qorabog‘ muammosi hal etilib, Tog‘li Qorabog‘ davlatini tuzish va uni dunyoda tan oldirish iddaolari yo‘q bo‘lmaguncha, G‘arbning Ozarbayjon Shimoliy Kipr bilan aloqa qilgudek bo‘lsa, Tog‘li Qorabog‘ni ham tan olib olish xavfi bartaraf bo‘lmaguncha, Aliyev Shimoliy Kiprdan o‘zini uzoq olib turgan. Ammo Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kelishuvdan keyin shu yilning aprel oyida Aliyev, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining xalqaro miqyosda tan olinishini ta’minlashga hissa qo‘shishini aytib chiqdi. 

“Biz Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi uchun faol kurash olib borayotgan davlatlar qatoridamiz. Shushada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitda Prezident Ersin Tatar ishtirok etdi. Bu yig‘ilishda Shimoliy Kipr bayrog‘i hilpirab turdi. Biz har doim birodarlarimizning tarafidamiz: ularga o‘z davlatini himoya qilishda yordam beramiz”, degan Ozarbayjon rahbari.

Shimoliy Kipr masalasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston Yevropa Ittifoqi bilan birdam qadam tashlaganidan keyin Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashining yig‘ilishi 1-2 may kunlari aynan SHKTRning Lefkosha shahrida bo‘lib o‘tdi. Keyin 20-21 may kunlari Budapeshtda o‘tkazilgan davlat rahbarlari norasmiy sammitida ham Shimoliy Kipr rahbari qatnashdi va Turkiya Prezidenti yana davlat rahbarlarini ushbu mamlakatni tan olish, uni tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilishga chaqirdi. 

“Turkiy dunyoning oilaviy fotosurati Shimoliy Kipr Turk Respublikasisiz to‘liq bo‘lmasligiga ishonamiz. Shu sababli, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turkiy Akademiyada kuzatuvchi maqomini olishiga doir bugun sammitimizda qabul qilgan qarorimizni juda muhim qo‘shimcha qadam sifatida ko‘ryapmiz. Umid qilamanki, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tashkilotimizga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qiladigan kunni uzoq bo‘lmagan kelajakda ham ko‘ramiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Gabala sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotdan ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasi nomi o‘rin oldi. Davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan hujjatda Turkiy akademiyada Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga Kuzatuvchi maqomi berilishi qayd etilib, bu turkiy dunyoda madaniy va akademik hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi qadam sifatida olqishlangan. 

Eng ahamiyatli tomoni, a’zo davlat rahbarlari Kipr muammosiga oroldagi mavjud voqeliklardan kelib chiqib, muzokaralar yo‘li bilan, o‘zaro maqbul va amaliy yechim topish zarurligini urg‘ulagan. Turkiy dunyoning ajralmas qismi bo‘lgan Kipr turk xalqi bilan teng huquqlililikni ta’minlash istagida birdam ekanliklarini bildirganlar. Sizningcha, bu Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida qabul qilingan hujjatga zid emasmi? Yo umuman Yevropa Ittofoqi bilan imzolagan qog‘ozlar Shimoliy Kiprga nisbatan adolatga ziddir. Bunda gap bir mamlakatga nisbatan ikkilik munosabat xususida bormoqda. 
Qolaversa, qo‘shma bayonotda G‘azo, Falastin va Suriya haqida ham so‘z borgan. Davlat rahbarlari G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyatning yomonlashuvidan chuqur tashvish bildirgan holda, zudlik bilan va doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va insonparvarlik yordamining to‘siqsiz kirishiga chaqirgan.

Isroil – Falastin mojarosiga adolatli va doimiy yechim topish va BMTning tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq, 1967 yilgi chegaralarga asoslangan, poytaxti sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlati mavjud ikki davlat yechimini amalga oshirish zarurligini ta’kidlangan. 

Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini, shuningdek, mamlakat xavfsizligi, barqarorligi va qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqlagan. Ushbu mamlakatda terrorizmning barcha ko‘rinishlariga barham berishning hayotiy muhimligi qayd etilgan.

Suriya masalasida gap ketganda aytib o‘tish o‘rinliki, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Gabaladagi nutqida ash-Shara boshchiligidagi Suriyaning yangi hukumati so‘nggi 9 oy davomida erishgan yutuqlari bilan kelajakka umid bilan qarash imkonini berganini urg‘ulab, Suriyaning hududiy yaxlitligi va birligini saqlab qolish asosida uning siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik muhitini yaxshilashga e’tibor qaratish, Suriya hukumati bilan aloqalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. 

Qo‘shma bayonotda Afg‘oniston masalasi ham chetda qolmagan. Davlat rahbarlari Afg‘oniston barqarorligi TDT a’zolarining xavfsizligi va farovonligi uchun muhim ekanligini ta’kidlab, a’zo davlatlarni Afg‘oniston bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha, shu jumladan, TDT Afg‘oniston ishchi guruhi orqali muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib olgan.

Qirg‘iziston Respublikasining davlat chegarasi masalalarini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholangan va 2025 yil 13 martda kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida imzolangan Davlat chegaralari to‘g‘risidagi shartnomaning tarixiy ahamiyatini ta’kidlangan. 2025 yil 31 mart kuni Xo‘jand shahrida Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida imzolangan “Uch davlat chegaralarining kesishish nuqtasini belgilash to‘g‘risida”gi shartnomaning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyati alohida urg‘ulangan. 

Hujjatni imzolagan davlat rahbarlari a’zo davlatlar va kuzatuvchilarni mushtarak manfaat va tashvishga sabab bo‘lgan masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini birlashtirish va ularni yagona ovoz bilan ifodalash hamda global qaror qabul qilish jarayonlarida Turkiy dunyoning ko‘rinishi va ta’sirini oshirish maqsadida xalqaro platformalarda hamkorlikni faollashtirish va yaqinroq muvofiqlashgan holda harakat qilishga undagan. Ular Turkiy davlatlar Tashqi ishlar vazirlarini global va mintaqaviy o‘zgarishlarning jadal sur’atidan kelib chiqib, keng qamrovli ko‘p tomonlama maslahatlashuvlarga ko‘maklashish maqsadida tez-tez uchrashishga taklif qilgan. 

Tegishli organlarga tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha muntazam ravishda siyosiy va xavfsizlik bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish hamda o‘zgaruvchan geosiyosiy va xavfsizlik muammolari sharoitida umumiy strategik qarashlar orqali birgalikda javob choralarini kuchaytirishga kelishilgan. 

Davlat rahbarlari terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va kiberxavfsizlikning barcha ko‘rinishlarida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga intilishlarini yana bir bor tasdiqlaganlar.

Hamkorlik asoslarini mustahkamlash, hamjihatlikni namoyon etish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari suruvchi “Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnoma” loyihasini tezkorlik bilan ko‘rib chiqib chiqishga chaqirganlar. 

Islomga qarshi nafratning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro platformalarda sa’y-harakatlarni uyg‘unlashtirishga sodiqlik bildirilgan. 

Aslida imi-jimida, avvalgi sammitlardan farqli o‘laroq sodda o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 12-sammiti haqida gapiriladigan, muhokama qilishga arziydigan masalalar juda ko‘p. Har bir davlat rahbarining nutqida alohida maqsad va vazifa yotibdi. Kimdadir iqtisod ustuvor, yana kimda mudofaa va harbiy amaliyotlar. Ayrimlar shunchaki tinglash bilan cheklanyapti. Ammo qanday bo‘lishidan va tabassumlar kadrlar ilg‘ab-ilg‘amasligidan qat’i nazar Turkiy dunyo allaqachon birlashib, bir mushtga aylanib bo‘ldi. Buyog‘i o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, tenglik prinsiplariga asoslanish qoldi, xolos. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev Suriya O'zbekiston Evropa Ittifoqi Ozarbayjon Ilhom Aliev BMT Markaziy Osiyo Turkiy davlatlar tashkiloti Sammit ShKTR Antoniu Koshta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing