Turkiya parlamentida deputatlar yana mushtlashib ketdi (video)
Olam
−
12 fevral 2731 2 daqiqa
Kecha, 11 fevral kuni Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisining yalpi majlislar zalida mushtlashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda “Haberturk” xabar berdi.
Deputatlar o‘rtasidagi keskinlikka e’lon qilingan Prezident qarori sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, Erzurum viloyati gubernatori Mustafo Chiftichi Ichki ishlar vaziri, Istanbul prokurori Akin Gurlek esa Adliya vaziri etib tayinlangan. Yangi Adliya vazirining qasamyod marosimi chog‘ida tortishuv to‘qnashuvga aylanib ketgan.
Turkiya deputatlari sobiq prokuror siyosat bilan shug‘ullanmasligi kerakligini bildirgan. Adolat va taraqqiyot partiyasi fraksiyasi raisi o‘rinbosari Abdulhamit Gul esa qasamyod marosimi, albatta o‘tkazilishi lozimligini ta’kidlagan. Yangi vazir minbarga chiqmoqchi bo‘lganida, deputatlar bunga to‘sqinlik qilishga uringan. Vaziyat qisqa fursatda keskinlashib, bahslar tugab, Akin Gurlek tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida mushtlashuv boshlangan.
Asosan to‘qnashuv jamoaviy tarzda – Respublika-xalq partiyasi hamda Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari o‘rtasida kechgan. Respublika-xalq partiyasi vakili Mahmut Tanal hamda Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati Usmon Gekchek esa alohida mushtlashgan. Mushtlashuv vaqtida Turkiya Konstitutsiyasi risolalari havoga otilgani ramziy manzara hosil qilgan.
Oxir-oqibat Akin Gurlek partiyadoshlari qurshovi va qo‘riqlovi ostida qasamyod qabul qilgan. U Istanbul bosh prokurori lavozimida ishlagan davrida ko‘plab shov-shuvli sud jarayonlariga, jumladan muxolifatdagi Respublika-xalq partiyasi a’zolariga qarshi ishlar bo‘yicha sudlarga raislik qilgan. Muxolifatga ko‘ra, uning qarorlari siyosiy motivlarga ega bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Turkiya Buyuk Millat Majlisi Bosh majlisida deputatlar o‘rtasida janjal kelib chiqqandi.
Live
Barchasi