Turkiyada bir jamoadan 17 futbolchi diskvalifikatsiya qilindi
Sport
−
25 noyabr 1523 2 daqiqa
Turkiyaning to‘rtinchi divizionidagi “Agri Spor” klubi kecha, 24 noyabr kuni 17 nafar futbolchisi keng tarqalgan pul tikish mojarosi bo‘yicha diskvalifikatsiya qilingani sababli navbatdagi o‘yinda qatnasha olmasligini ma’lum qildi.
“Tergov doirasida 17 nafar o‘yinchimiz jazolandi, shuning uchun bizda bor-yo‘g‘i yetti nafar futbolchi qoldi”, deb yozdi klub ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
“Agri Spor” Eron chegarasiga yaqin Agri shahrida joylashgan va Turkiya professional futbol ligasining quyi ligasida o‘ynaydi. “Agri Spor” klubi navbatdagi o‘yinda ishtirok etish uchun yoshlar jamoasini chaqirishini ma’lum qilgan.
Turkiya futbol federatsiyasi (TFF) 637 nafar to‘rtinchi toifadagi o‘yinchini futboldan chetlatgan, shundan so‘ng yuqori toifadagi 25 nafar, shuningdek, ikkinchi va uchinchi divizionlarda to‘p surayotgan 350 dan ortiq futbolchilar ham jazolangan edi. Shuningdek, TFF uchinchi va to‘rtinchi toifadagi o‘yinlarni ikki haftaga to‘xtatib qo‘ygan va 149 nafar hakamni noqonuniy pul tikish uchun chetlatgan edi.
Diskvalifikatsiya qilingan futbolchilarning aksariyati bir necha yil oldin o‘yinga pul tikkanini tan olgan, ammo keyin bu odatni to‘xtatganini aytib o‘tgan. Istanbul bosh prokurori esa kelishilgan o‘yinlar bo‘yicha tekshiruvni yakuniga yetkazishga va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TFF mamlakatda davom etayotgan pul tikish bo‘yicha tergov doirasida gumonlanayotgan “Galatasaroy” himoyachisi Eren Elmalini milliy terma jamoa tarkibidan chiqarib tashlaganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi