Turkiyada ISHID bilan to‘qnashuvda 3 politsiyachi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
29 dekabr 2025 3559 2 daqiqa
Bugun, 29 dekabrga o‘tar kechasi Turkiyaning shimoli-g‘arbida, Yalova viloyatida politsiya bilan ISHID jangarilari o‘rtasida otishma yuz berdi. Oqibatda uch nafar politsiyachi va olti nafar jangari halok bo‘ldi, yana sakkiz nafar politsiya xodimi hamda bir nafar qo‘riqchi jarohat oldi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, otishma politsiya terrorchilikda gumon qilinayotganlar yashiringan uyga bostirib kirgan paytda boshlangan. Politsiyaga Bursa viloyatidan maxsus bo‘linma yordamga chaqirilgan. Binoda besh nafar ayol va olti nafar bola bo‘lgan, ulardan hech kim jabrlanmagan, barchasi xavfsiz tarzda evakuatsiya qilingan. Maxsus operatsiya mahalliy vaqt bilan taxminan tungi soat 2:00 da boshlangan va 9:40 da yakunlangan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, otishmada ishtirok etgan barcha jangarilar Turkiya fuqarolari bo‘lgan.
Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya bu ISHIDning ehtimoliy kuchlariga qarshi Turkiyaning 15 viloyatida bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan yuzdan ortiq aksilterror reydlaridan biri bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda ISHID Turkiyada bir qator teraktlar sodir etgan, jumladan 2017 yil 1 yanvar – Yangi yil kechasida Istanbuldagi tungi klubda amalga oshirilgan otishmada 39 kishi halok bo‘lgan, shuningdek 2016 yilda Otaturk nomidagi aeroportga uyushtirilgan hujumda 45 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya rasmiylari mamlakatda Rojdestvo va Yangi yil bayramlari paytida hujumlar uyushtirishni rejalashtirganlikda gumon qilingan 115 nafar “Islomiy davlat” (ISHID) terror guruhi a’zosini hibsga olgandi.
Live
Barchasi