Turkiyada o‘zbekistonlik ayolning so‘yib ketilgani tasdiqlandi (video)
3-sahifa
−
22 Sentabr 56520 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning o‘zbekistonliklar eng ko‘p istiqomat qiladigan megapolislaridan biri Istanbulning Fotih tumanida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yashar Zulayho E. bo‘g‘zidan pichoqlanib, o‘ldirib ketilgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ushbu xabar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida halok bo‘lgan shaxs O‘zbekiston fuqarosi A.X. ekani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, u bir necha yil avval Turkiyada bo‘lish qoidalarini buzgani uchun deportatsiya qilingan va mamlakatga kirishi taqiqlangan. Keyinchalik Turkiyaga ism-familiyasini o‘zgartirgan holda kirib borgan.
Aniqlanishicha, A.X. noma’lum shaxs tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Jinoyat bo‘yicha mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bosh konsulxona tomonidan marhumning oila a’zolariga jasadni O‘zbekistonga qaytarish uchun zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumot uchun, marhum ayol Oqsaroy mahallasidagi ijara uyida bo‘g‘zidan pichoqlangan holda topilgan. Uning do‘stlari Zulayho bilan bir necha kun davomida bog‘lana olmagach, bu haqda uy egasiga xabar berishgan. Uy egasi va ayolning dugonasi undan xabar olish maqsadida xonadonga kelgan va eshikni chilangar yordamida ochishgan.
Uy ichida esa Zulayhoning bo‘g‘zidan pichoqlangan holda jonsiz yotganini ko‘rishgan. Shundan so‘ng zudlik bilan politsiyaga xabar berilgan. Voqea joyiga tergov guruhi va tez tibbiy yordam yetib kelgan. Shifokorlar ayol allaqachon vafot etganini aniqlagan. Jasad Sud tibbiyot instituti o‘likxonasiga olib ketilgan.
Voqea yuzasidan qotillik gumoni asosida surishtiruv ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyul kuni Turkiyaning Aydin viloyatida joylashgan restoranda ofitsiant sifatida faoliyat yuritib kelgan, 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi otishma oqibatida bosh qismidan og‘ir jarohat olib, voqea joyida vafot etgandi.
Live
Barchasi