Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi
3-sahifa
−
12:08 7042 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekistondan Turkiyaning Balikesir shahriga borgan Dilafro‘z Cho‘liyeva izsiz g‘oyib bo‘lgach, yaqinlari tomonidan qidiruvga berilgani aytilgandi. Turkiyaning Balikesir viloyatida bo‘sh maydondan topilgan jasad 21 yanvardan buyon qidiruvda bo‘lgan 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Dilafro‘z Cho‘liyevaga tegishli ekani aniqlandi. Bu haqda “HaberTürk” nashri yozdi.
Ma’lum qilinishicha, Havran tuman Jandarma qo‘mondonligiga Balikesir shahrining Havran tumaniga qarashli Chamdibi mahallasida bo‘sh yer maydonidan ayol kishining jasadi topilgani haqida ma’lumot kelib tushgan.
Hodisa joyida olib borilgan tekshiruvlar natijasida jasad 21 yanvardan buyon Burhaniye tuman Emniyat boshqarmasi tomonidan “bedarak yo‘qolgan shaxs” sifatida qidiruvda bo‘lgan 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Dilafro‘z Cho‘liyevaga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan.
Marhumaning jasadi sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun Bursa Sud-tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan Cho‘liyevaning sevgilisi ekani aytilgan 44 yoshli I.I., shuningdek, uning tanishlari – B.N. (40 yosh), B.U. (40 yosh) va M.K. (22 yosh) qo‘lga olingandi. Huquq-tartibot idoralaridagi so‘roq jarayonlaridan so‘ng sudga chaqarilgan I.I. hibsga olinib, qolgan uch nafar gumondor sud jarayoni davomida qamoqqa olinmasdan, shartli ravishda qo‘yib yuborilgan.
Taxminan bir oydan buyon onasidan darak ololmagan o‘g‘li Shohrux To‘raqulov onasining qandli diabet bolan og‘riganini aytgan.
“Onam qandli diabet hastaligi bilan kasallangan. Dori-darmonlarini vaqtida qabul qilmasa, sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga keladi. Uning hayotidan xavotirdaman. Iltimos, uni topishga yordam bering”, degan edi Shohrux To‘raqulov.
Ma’lumot o‘rnida, 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyeva ishlash uchun Turkiyaga borib, Balikesirning Burhoniya tumani yashagan. U yerda keksa va bemor kishiga qaragan. Ayol joriy yilning 21 yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olgan va to‘satdan g‘oyib bo‘lgan.
Cho‘liyevadan xabar ololmagan yaqinlari uning bedarak yo‘qolganligi haqida ariza bergan va voqea yuzasidan O‘zbekiston elchixonasi hamda konsulligi xabardor qilingan. 23 yanvar kuni ish beruvchilari ham Dilafro‘z Cho‘liyevani qidirib, politsiyaga xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgandi. Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.