Ukrainada harbiy holat va safarbarlik muddati uzaytirildi
Olam
−
14 yanvar 1070 1 daqiqa
Ukraina Oliy Radasi (parlamenti) harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini yana uch oyga uzaytirdi.
Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy holat muddati 2026 yil 3 fevral kuni soat 5: 30 dan boshlab 90 kunga uzaytirildi. Umumiy safarbarlik ham 3 fevraldan boshlab xuddi shu muddatga cho‘zildi.
Oliy Rada harbiy holatni uzaytirish to‘g‘risidagi 14366-sonli, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir kun oldin parlamentga kiritgan umumiy safarbarlik muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi 14367-sonli qonun loyihalarini qabul qildi.
Harbiy holatni uzaytirish uchun 330 nafar, safarbarlik uchun esa 312 nafar xalq deputati ovoz bergan.
Ta’kidlash joizki, bu 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri harbiy holatning 18-marta uzaytirilishidir.
Avvalroq Zelenskiy Ukrainadagi harbiy holat faqat haqiqiy xavfsizlik kafolatlari olingandan keyingina bekor qilinishi mumkinligini, ularsiz mojaroni tugatish imkonsiz ekanligini aytgan edi.
Live
Barchasi