Ukrainada Rossiya zarbasiga uchramagan elektrostansiya qolmadi – Shmigal
Olam
−
16 yanvar 2882 2 daqiqa
Ukrainada urush boshlanganidan beri Rossiya armiyasi zarbasiga uchramagan birorta ham elektrostansiya qolmadi. Bu haqda mamlakat Energetika vaziri Denis Shmigal Oliy Rada majlisidagi chiqishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Rossiya energetika infratuzilmasiga qarshi 612 ta aniq yo‘naltirilgan hujum amalga oshirgan. Hozirda hujumlar intensivligi yanada ortib bormoqda, zarbalar deyarli har kuni berilmoqda. Oqibatda minglab megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari ishdan chiqqan.
Shu bilan birga, vazirning aytishicha, mamlakat energetika tizimi hanuz yaxlit holda saqlanib qolgan, biroq elektr energiyasi iste’moliga jiddiy cheklovlar joriy etilgan. Eng murakkab vaziyat Kiyevda, shuningdek Odessa, Dnepropetrovsk, Xarkov viloyatlarida va frontga yaqin hududlarda kuzatilmoqda.
Shmigal xalqaro hamkorlar bilan generatorlar, akkumulyatorlar, transformatorlar va ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan boshqa uskunalarni xarid qilish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotganini aytgan. Energetika ob’ektlarini tiklashga 15 mingdan ortiq mutaxassis jalb qilingan bo‘lib, ular tun-u kun ishlamoqda. Bundan tashqari, Ukraina Yevropa Ittifoqidan elektr energiyasi importini oshirmoqda.
“Rossiya bizni energetik terror orqali sindirishga umid qilmoqda. Biz tahdidlar jiddiyligini to‘liq anglaymiz va ularga tez hamda samarali tarzda javob bermoqdamiz”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Kiyevda Rossiyaning keng ko‘lamli hujumlaridan so‘ng qariyb 6 mingta uy issiqlik va elektr ta’minotisiz qolgan, bu poytaxtdagi ko‘p qavatli turar joylarning deyarli yarmiga teng. Joriy yil 13 yanvar kechasidagi zarbalardan keyin shaharda elektr energiyasi tanqisligi yanada kuchaygan, Kiyev meri Vitaliy Klichko hatto muhim infratuzilma ob’ektlarini ta’minlash uchun ham elektr yetishmaganini ma’lum qilgan. 15 yanvar oqshomiga kelib, Kiyevda taxminan 300 ta uy hali ham elektrsiz qolgan.
Yevropa Ittifoqining so‘nggi baholariga ko‘ra, agar Rossiya hujumlari hozirgi ko‘lamda davom etsa, urushdan avval taxminan 15 million kishi yashagan Ukrainaning butun sharqiy mintaqalari elektr ta’minotidan butunlay uzilib qolishi mumkin. Bungacha Ukraina energetika kompaniyalari shikastlangan stansiyalarni ta’mirlash uchun zarur uskuna deyarli qolmaganini bildirgan.
Live
Barchasi