Umarov Ukraina delegatsiyasiga tinchlik muzokaralarida rahbarlik qiladi
Olam
−
29 noyabr 5381 2 daqiqa
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarov urushni tugatishga qaratilgan xalqaro muzokaralarda mamlakat delegatsiyasiga rahbar etib tayinlandi. Bu haqdagi farmonni mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 29 noyabr kuni imzoladi.
Umarov bu lavozimda korrupsiya mojarosi ortidan iste’foga chiqqan va uyida tintuv o‘tkazilgan Prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Andrey Yermakning o‘rnini egalladi.
Farmonga ko‘ra, delegatsiya tarkibiga yana sakkiz kishi kiritilgan. Ular orasida Mudofaa vazirligi Harbiy razvedka bosh boshqarmasi (GUR) rahbari Kirill Budanov, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov, Tashqi razvedka xizmati (SVR) rahbari Oleg Ivashenko va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar bor. Delegatsiyaga AQSH, Rossiya va Ukraina boshqa xalqaro hamkorlari bilan “adolatli va barqaror tinchlikka” erishish maqsadida muzokaralar olib borish topshirilgan.
Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, MXMK kotibi boshchiligidagi Ukraina vakillari allaqachon AQSHga yo‘lga chiqqan. Bundan avval Rustam Umarov Prezidentga muzokaralar bo‘yicha o‘z hisobotini taqdim etgan.
“Vazifa aniq – urushni tugatish bo‘yicha qadamlarni tez va mazmunli tayyorlash. Ukraina Amerika bilan maksimal darajada konstruktiv ishni davom ettirmoqda va Jenevadagi uchrashuv natijalari AQSHda ishlab chiqilishiga umid qilamiz”, deb yozdi Zelenskiy.
Tayinlovdan keyin Umarov AQSHga tashrif maqsadi 23 noyabrda Jenevadagi uchrashuvda muhokama qilingan ishlanmalarni Amerika tomoni bilan muvofiqlashtirishdan iboratligini tasdiqladi.
“Bloomberg” agentligi va boshqa OAVning yozishicha, Umarov, Budanov va Ukraina TIV rahbarining o‘rinbosari Sergey Kislitsa allaqachon AQSHga uchib ketgan. Ular Amerika Prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari – Stiven Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashishi kerak. Ilgari bu safarga Andrey Yermak ham qo‘shilishi mumkinligi aytilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 noyabr kuni Ukraina Prezidenti apparati rahbari Andrey Yermak Milliy korrupsiyaga qarshi byuro (NABU) uning uyida tintuv o‘tkazganidan so‘ng istefo arizasini taqdim etgandi. Yermak “New York Post” nashriga yo‘llagan maktubida o‘z xohishi bilan frontga jo‘namoqchi ekanini yozgan.
Live
Barchasi