Umraga noqonuniy yuboradiganlar “sirli mijoz” yashirin tadbirlarida aniqlanadi

Jamiyat

image

Umraga yuboruvchilar bo‘yicha “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yilning 8 avgust kuni qaror chiqardi.

Qarorda qayd etilishicha, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan noqonuniy xizmatlar ko‘rsatilishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsad qilingan.

“Sirli mijoz” tadbiri qonuniylik, xolislik va adolatlilik prinsiplariga asoslangan holda qo‘mita mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu tadbir tekshirish yoki tadbirkorlik faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi, bunday tadbirlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmaydi. U “Umra” xizmatlarini noqonuniy amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar faoliyatini barvaqt aniqlash maqsadida qo‘mita tashabbusi bilan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

“Sirli mijoz” tadbiri quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tashkil etiladi:

  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan “Umra” xizmatini ko‘rsatish faoliyati yuzasidan qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumot, tahlil va xulosalar;
  • ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmog‘idagi vebsaytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ochiq manbalarda tarqalgan ma’lumotlar;
  • “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida huquqbuzarlik sodir etish xavfi o‘rta va yuqori darajada baholangan tadbirkorlik sub’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Qo‘mita mas’ul xodimi “Umra” xizmatlarini noqonuniy amalga oshirishda gumon qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning oldiga mijoz sifatida boradi va undan o‘ziga “Umra” xizmati ko‘rsatilishini so‘raydi hamda quyidagi ma’lumotlarni yig‘adi:

  • xizmat ko‘rsatish uchun tegishli litsenziya mavjudligi (rasmiy hujjat yoki og‘zaki ma’lumot asosida);
  • xizmat ko‘rsatish shartlari (muddati, narxi va boshqalar);
  • xizmat uchun to‘lov usuli va hisob raqami.

“Sirli mijoz” tadbiri davomida yashirin diktofon yoki video kuzatuv moslamalaridan foydalanilishi mumkin. Tadbiri natijalari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi va u taqdim etilgandan so‘ng besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, bunda huquqbuzarlik holatlari mavjud bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazish yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga materiallarni yuborish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar uchun yangi Umra mavsumi joriy yilning avgust oyidan boshlanishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Umra litsenziya Din ishlari bo'yicha qo'mita sirli mijoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing