Urugvayda bemorni o‘ldirish qonuniylashtirildi
Olam
−
17 Oktabr 12030 2 daqiqa
Urugvayda parlament evtanaziya – davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir kasalliklarda bemorning roziligi bilan uning hayotini tinch va azobsiz tugatish amaliyoti bo‘yicha qonunni ma’qulladi va shu bilan mamlakat Lotin Amerikasida ushbu amaliyotni qonuniy asosda ruxsat etgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
31 senator ichidan 20 nafari tashabbusni qo‘llab ovoz bergan, quyi palata esa hujjatni avvalroq, avgust oyida tasdiqlagan.
Qonun shifokorlarga bemorlarning so‘rovi asosida, davolash imkoni bo‘lmagan va “bardosh berib bo‘lmaydigan darajada azoblovchi” kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar uchun evtanaziya o‘tkazishga ruxsat beradi. Bemor o‘z qarorini rasmiy tartibda tasdiqlashi va ongli holatda bo‘lishi kerak. Qonunda bemorning o‘zi o‘lim dorisini qabul qilishi bilan amalga oshiriladigan yordam, ya’ni o‘z joniga qasd qilish nazarda tutilmagan.
Yevropa va AQSHdagi shunga o‘xshash qonunlardan farqli o‘laroq, Urugvay qonuni bemorning “hayot muddatini” cheklamaydi va murojaat bilan protsedura orasida kutish davrini talab qilmaydi. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga ushbu amaliyot qo‘llash taqiqlanadi.
Mamlakat vitse-prezidenti Karolina Kosse qonun qabul qilinishini tarixiy qadam deb atab, uning Urugvayning mintaqadagi eng ilg‘or davlatlardan biri sifatidagi obro‘sini mustahkamlashini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya parlamentining Jamoatlar palatasi “Evtanaziya to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullagandi.
Live
Barchasi