O‘zbekiston va yana 16 davlat fuqarolari Erondan evakuatsiya qilindi
Olam
−
17 iyun 3059 1 daqiqa
O‘zbekiston va yana 16 davlatdan bo‘lgan 600 nafar fuqaro Eron hududidan Ozarbayjon orqali evakuatsiya qilindi. Bu haqda “Report” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, gumanitar koridor besh kundan beri faoliyat yuritmoqda. Bugungi kungacha “Astara” nazorat-o‘tkazish punkti orqali 600 dan ortiq odamning to‘siqsiz o‘tishi ta’minlangan. Evakuatsiya qilinganlar orasida ozarbayjonliklar bilan bir qatorda 17 davlat fuqarolari bor.
MDH davlatlaridan – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari evakuatsiya qilinmoqda. Yevropa davlatlari bo‘yicha Germaniya, Ispaniya, Italiya, Serbiya, Ruminiya va Portugaliya fuqarolari murojaatlari asosida evakuatsiya qilingan.
Shuningdek, vatanga qaytarilganlar orasida AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Vetnam fuqarolari ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov 16 iyun holatiga ko‘ra, 30 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Eron hududidan Turkmaniston va Ozarbayjon orqali muvaffaqiyatli evakuatsiya qilinganini bildirgan edi.