O‘zbekistonda 14 ta “yashil” texnikum ochiladi
Jamiyat
−
31 mart 3301 3 daqiqa
O‘zbekistonda 2026-2027 yillar davomida 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 25 mart kuni qabul qilingan “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilangan:
- 2026-2027 yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikumlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- 2030 yilgacha respublikaning har bir hududidagi “yashil” texnikumlarda 10 000 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash uchun ekologik ta’lim va ilmni yanada rivojlantirish;
- 2026–2028 yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan nomzodlar sonini 150 nafargacha yetkazish.
2026/2027 o‘quv yilidan mazkur qarorda ko‘rsatilgan ta’lim muassasalari “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi hamda ularda hududning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqib, sohalar uchun o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
“Yashil” texnikumlarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash va ta’lim sifatini oshirish maqsadida ular Kasbiy ta’lim agentligi bilan kelishuv asosida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi.
Shuningdek, “yashil” texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etiladi.
Qarorga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda “yashil” texnikumlar ta’lim tizimining uzviyligini ta’minlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
- “yashil” texnikumlarda ta’lim jarayoni universitet tomonidan ishlab chiqiladigan va Kasbiy ta’lim agentligi tasdiqlaydigan ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi;
- “yashil” texnikumlarda majburiy va tanlov fanlari universitet tomonidan belgilanadi;
- universitetning 1-bosqichida o‘qitiladigan mutaxassislik fanlari “yashil” texnikumlarning 2-bosqich o‘quv dasturlariga maxsus kurs sifatida kiritiladi;
- “yashil” texnikumlarni muvaffaqiyatli bitirgan ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga Universitet tomonidan belgilangan ballar o‘rtacha qiymatidan (GPA) kelib chiqib, bakalavriatning 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi;
- “yashil” texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etiladi va har yili 10 nafargacha iqtidorli o‘quvchilarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda stipendiya to‘lanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 108 gektarlik Milliy dendrologiya bog‘i qurilishi haqida xabar berilgan edi. Loyiha doirasida 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta o‘simliklari ekilishi nazarda tutilgan. Park biologik xilma-xillikni saqlash, havo sifatini yaxshilash, uglerod yutilishini oshirish, ilmiy tadqiqot va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, shahar mikroiqlimini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi.
Live
Barchasi