O‘zbekistonda 2025 yilda qancha oila ajrashgani aytildi
Bu qiziq
−
28 yanvar 6244 3 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 37 544 ta nikoh bekor qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 10,8 trln so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlar (voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalar)ni undirish haqida 1 mln 519 ming 814 ta sud buyrug‘i chiqarilgan.
Shuningdek, 649 ming 652 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ularning 506 ming 135 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan bo‘lsa, 76 ming 138 tasi bo‘yicha talablarni qanoatlantirishdan rad qilingan, 60 ming 373 tasi bo‘yicha da’volar ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, 7 006 tasi bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
Eng ko‘p fuqarolik nizolari Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlarida ko‘rilgan.
Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlardan 206 ming 399 tasi bitimlar (oldi-sotdi, kredit, qarz va boshqalar), 70 ming 535 tasi nikohdan ajratish, 26 ming 960 tasi uy-joy munosabatlari, 19 ming 914 tasi alohida toifadagi ishlar, 12 ming 982 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish bilan bog‘liq va boshqa toifadagi ishlarni tashkil qiladi.
Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahliliga ko‘ra, ko‘rib tamomlangan ishlarning 37 ming 544 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (nikohlar bekor qilingan), 24 ming 244 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (nikohlar bekor qilinmagan), 6 239 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 2 508 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
3 119 ta ishga tiklashga doir ko‘rib tamomlangan ishlarning 1 356 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan, 1 229 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, 473 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 61 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
6 452 ta xususiy ajrim chiqarilib, tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 12 ming 956 ta ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 2 312 ta qaror bekor qilinib, 757 ta sud qarori o‘zgartirilgan. Kassatsiya tartibida 8 457 ta ish ko‘rib chiqilgan. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 668 ta qaror bekor qilinib, 708 ta sud qarori o‘zgartirilgan. Taftish tartibida 5 670 ta ish ko‘rib chiqilgan. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 482 ta qaror bekor qilinib, 161 ta sud qarori o‘zgartirilgan.
Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 363 ta ish ko‘rib chiqilgan. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 171 ta qaror bekor qilinib, 53 ta sud qarori o‘zgartirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 32 217 ta nikoh bekor qilingani haqida xabar berilgandi.