O‘zbekistonda Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etiladi. Bu haqda bugun, 8 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2026 yildan boshlab, har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.

Shuningdek, tabiiy fanlarni o‘qitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yo‘nalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.

Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.

Yana bir yangilik o‘qituvchilikka mehr qo‘ygan yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yo‘q edi. Shu bois, joriy o‘quv yilidan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun bo‘ladi, yoshlarni o‘qish va ilmiy izlanishlarga undaydi.

Bildirilishicha, yig‘ilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilingan. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi o‘rni kuchaytiriladi.

Davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli hujjatlarni imzolagan. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Avloniy davlat stipendiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing