O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlandi
Jamiyat
−
28 noyabr 2742 2 daqiqa
O‘zbekistonda elektron sigaretalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu kecha, 27 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish o‘tkazish, ishlab chiqarish, O‘zbekistonga olib kirish yoki undan olib chiqish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha (123,6 million so‘mdan 206 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bunda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning aylanishiga doir taqiq belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili aprel oyida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qonunchilikka elektron sigaretalar olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlashni o‘z ichiga olgan o‘zgartirishlarni ma’qullagandi. Qozog‘istonda elektron sigaretalarni olib kirish, ularni sotish va turli tamaki mahsulotlarni reklama qilishni taqiqlovchi qonun iyun oyida kuchga kirdi.
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov esa o‘tgan yil noyabr oyida tamaki mahsulotlari va nikotin moddalarining zararli ta’siridan aholining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Qonun 2025 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kirdi.
Xuddi shunday qonun O‘zbekistonda joriy yil yanvar oyida Oliy Majlis muhokamasiga kiritilgan yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi elektron sigaretalarni butunlay taqiqlashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilgan. 30 aprel kuni esa Senatning oltinchi yalpi majlisida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.