Singapurdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab Singapurda tamaki mahsulotlarini qizdiruvchi qurilmalar (IQOS va boshqalar) hamda elektron sigaretalar (veyplar), ayniqsa, “K-pods” turidagi va tarkibida etomidat mavjud bo‘lgan veyplarga qarshi yanada qat’iy qonunchilik choralari kuchga kirgan. Mazkur choralar ortidan ushbu mamlakatdagi O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi.

Qayd etilishicha, Singapurda elektron sigaretalar, tamakini qizdiruvchi qurilmalar va shunga o‘xshash qurilmalarni olib kirish, sotish, saqlash va foydalanish mutlaqo taqiqlanadi.

Xususan:

  • saqlash yoki chekish uchun 2 000 singapur dollarigacha jarima;
  • sotish yoki olib kirish uchun 10 000 singapur dollarigacha jarima yoki 6 oygacha qamoq (takroriy hollarda 20 000 singapur dollarigacha yoki 12 oygacha qamoq);
  • takroriy hollarda majburiy reabilitatsiya va keyinchalik jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin.

Shuningdek, Singapur “K-pods” turidagi veyplarni giyohvand moddalar bilan bog‘liq qurilma sifatida baholaydi, etomidat esa rasmiy ravishda S sinfdagi giyohvand moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Ularni saqlash yoki iste’mol qilish uchun majburiy kuzatuv va reabilitatsiya dasturi, takroriy hollarda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, kontrabanda uchun 3 yildan 20 yilgacha qamoq va 5 tadan 15 tagacha qamchin jazosi, sotish va tarqatish uchun 2 yildan 10 yilgacha qamoq va 2 tadan 5 tagacha qamchin jazosi tayinlanishi mumkin.

Qonun Singapur fuqarolariga ham, xorijliklarga ham, shu jumladan, talabalar va ish vizasi egalariga ham birdek tatbiq etiladi. Qonun buzilishi quyidagilarga olib kelishi mumkin:

  • qo‘lga olinish va ozodlikdan mahrum etilish;
  • katta miqdordagi jarimalar;
  • deportatsiya va mamlakatga qayta kirish huquqidan mahrum bo‘lish.

Shu sababli, O‘zbekiston fuqarolariga elektron sigaretalar yoki shunga o‘xshash qurilmalarni Singapurga olib kirish va ulardan foydalanishdan qat’iy ravishda voz kechish tavsiya etiladi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasining Kamchatka o‘lkasida sodir bo‘lgan zilzila ortidan Uzoq Sharq federal okrugi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ogohlantirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Singapur tamaki mahsulotlari elektron sigareta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing