O‘zbekistonda suv va ichimliklarni markirovkalash tizimidagi agregatsiya kechiktiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda suv va gazli ichimliklarga qo‘yilgan yangi markirovka tizimi (ya’ni, mahsulotni kuzatib borish tizimi) hozircha majburan joriy qilinmaydi. Bu taklif kecha, 5 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etish joiz, 1 apreldan boshlab suv va alkogolsiz ichimliklar uchun agregatsiya – ya’ni mahsulotlarning yirik partiyalarini raqamli tarzda kuzatish tizimi joriy etilgan edi. Biroq bu yangilik bozordagi ko‘plab ishtirokchilarda qiyinchilik va xavotirlar uyg‘otdi.

Bo‘riyevning aytishicha, bozorning qariyb 90 foizini egallagan 10 ta yirik kompaniyaning yarmi hali yangi talablarni joriy etishga tayyor emas. Shu sababli, tizimni kechiktirish orqali biznes uchun o‘tish jarayoni yengillashtiriladi.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muhim masalalardan biri – jarimalarning haddan tashqari yuqoriligi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar, ulgurji sotuvchilar va importchilar uchun jarimalar kamaytiriladi, umumiy ovqatlanish va savdo korxonalari uchun jarimalar endi tushumga bog‘lanmaydi, balki qat’iy belgilangan miqdorda bo‘ladi.

Qayd etilishicha, tadbirkorlar uchun jarimalarni kamaytirish va ayrim hollarda ularni qo‘llamaslik bo‘yicha soliq qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish, hatto vaqtinchalik moratoriy joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Yig‘ilishda kassa cheklari, naqdsiz to‘lovlar, import va mehnat munosabatlariga oid muammolar ham muhokama qilingan. Xususan, ishga qabul qilish va bo‘shatish jarayonlaridagi ortiqcha byurokratiyani kamaytirish zarurligi ta’kidlangan.

Umuman olganda, kutilayotgan qarorlar tadbirkorlik muhitini yaxshilashi va biznes bilan ochiq muloqotni davom ettirishga xizmat qilishi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston markirovka ichimlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing